DXX: Toyloq tumanida, shuningdek, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida narkotik moddalar musodara qilindi
Toyloq tumanida yashovchi 1961 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro 352 gramm “opiy” moddasini 5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida DXXning Surxondaryo va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, ushbu narkotik modda Tojikiston Respublikasidan olib kelingan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida istiqomat qiluvchi shaxs bilan, muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinib, Namangan viloyatining Pop tumani hududiga yashirib ketilgan 1 kg. 841 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, yo‘lovchi avtomashinada Oltiariq tumanida harakatlanayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.
Mazkur fuqarolar muqaddam sodir etgan o‘g‘irlik jinoyatlari uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan bo‘lsalar-da, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.
DXX xodimlari tomonidanyana bir tezkor tadbirda esa Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaro Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan 964 gr. “gashish” moddasini 8 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Bu yo‘nalishda DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Xususan, Buloqboshi tumanida yashovchi ikki fuqaro Xo‘jaobod tumanida 630 gr. “gashish” moddasini 5800 AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ushbu holatda ajal og‘usi Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali Xo‘jaobod tumani hududiga o‘tkazilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.