Dzyudochi Elbek Abdullayevda doping aniqlandi
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi matbuot xizamati xabariga ko‘ra, terma jamoa a’zosi hisoblangan Elbek Abdullayevda bir emas, 4 ta Butunjahon antidoping agentligi tomonidan taqiqlangan vositalar ro‘yxatiga kiritilgan testosteron, anastrozol, boldenon va oksandrolon moddalari aniqlangan. Ushbu moddalar, ekzogen (tashqaridan organizmga kiritilgan) anabolik androgen steroidlar hisoblanadi.
Sportchi Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida ko‘rsatilgan antidoping qoidabuzarligini sodir etgan.
Shunday qilib Elbek Abdullayev 2022 yil 3 mart kuni O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi huzuridagi Axloq komissiyasi qaroriga ko‘ra, 4 yil muddatga rasmiy sport musobaqalarida qatnashishdan diskvalifikatsiya qilindi.
Diskvalifikatsiya davri 2022 yil 3 martdan 2026 yil 2 martga qadar etib belgilandi.
E.Abdullayev diskvalifikatsiya davri tugaganga qadar Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasiga asosan, terma jamoa tarkibida xalqaro va milliy toifadagi musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlaridan chetlashtiriladi.