“E-AUKSION” elektron tizimidan foydalanish soddalashtirildi

Bu haqda Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida hududlarda tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi yoki davom ettirmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarning “E-AUKSION” elektron tizimidan foydalanish malaka va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda aytildi.

Ma’lum qilinishicha, “E-AUKSION” savdo maydonchasida ro‘yxatdan o‘tish va auksionda ishtirok etish tartibi soddalashtirilgan.

- Ishtirokchilarni ortiqcha ovora qilishning oldini olish maqsadida “E-AUKSION” elektron maydonchasining yangi platformasi ishga tushirildi, - deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasining birinchi o‘rinbosari Abduvohid Yangiboyev. – Bu tizim, avvalo, tadbirkorlar faoliyatidagi shaffoflikni ta’minlaydi va masofadan turib, ko‘p vaqt sarflamasdan auksionda ishtirok etish imkonini beradi. Masalan, “E-auksion” savdo maydonchasida o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish, ariza berish, tanlov sharti bo‘yicha taklif berish talab etiladi va eng yaxshi taklif bergan ishtirokchi g‘olib deb topiladi.

“E-auksion” savdo maydonchasi orqali nafaqat mulk sotib olish, balki mulkni sotish ham mumkin. Buning uchun buyurtmachi (sotuvchi) sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va elektron raqamli imzo bilan elektron shartnoma imzolaydi. So‘ngra mulk ma’lumotlari, hujjatlari va fotosuratlarini savdo maydonchasiga joylagach, auksion muddati belgilanadi va mulk sotilgandan keyin g‘olib nomiga bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Seminar so‘nggida tadbirkor xotin-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan javob oldi.