E’zozlar, ishonchlar uchun tashakkur

- Aholi bilan uchrashuvlarda, ayollar bilan suhbatlarda ularning dilidagi ko‘p istaklarni, asrorlarni eshitib qolamiz. Yaqinda bir ayol yonimga kelib: «Prezidentimiz ko‘nglimiz tubidagi orzularni qanday bildi ekan-a, axir uy olish bizga necha yillardan beri armon bo‘lib kelayotgandi-ku. Shu ko‘ngil kechinmalarimni bir she’r qiling, opa”, – dedi.  Oh, mening ko‘ngli oppoq singilginam-a!

 Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida davlatimiz rahbarining tabrigini o‘sha yerdagi yuzlab ayollar qatorida cheksiz hayajon va g‘urur bilan tingladik. Mening orzularimni davlatimiz rahbari qayerdan bildi ekan, degan ayolning  qiyofasi ko‘z o‘ngimda jonlandi. Ha, shijoat, g‘ayrat ila olib borilayotgan islohotlardan, avvalo, mamlakatimizning oddiy fuqarolari, bekalari bahramand bo‘layotir. Prezidentimiz bu fikrga alohida urg‘u berdilar. Bu ishlar bardavom bo‘lajagini ta’kidladilar. Ayolga e’tibor, g‘amxo‘rlik shuncha bo‘lar-da, deyman.

Ko‘nglim tog‘lar kabi yuksalib ketar,

Bir oddiy ayolga shuncha baxt, g‘urur.

Shu kungacha qancha jarlardan o‘tdim,

E’zozlar, ishonchlar uchun tashakkur.

Matluba TURDIYeVA, II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibasi:

-  Samarqand shahridagi 2-son oilaviy poliklinikada “Sog‘lom bola” xonasi tashkil etilgan. Poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan ona farzandini shu xonada qoldirib, shifokorga uchrashi mumkin. Yosh onalar maktabida homilador ayollar oyda ikki marta malakali shifokorlardan saboq oladi, zarur jismoniy mashqlarni bajaradi, onalik mas’uliyati xususida suhbatlar olib boriladi. Yetti o‘rinli joy ham ayollarning ginekologiya bo‘yicha statsionar davolanishi uchun tashkil etilgan. Emlash xonasidagi sharoitlar zamonaviy, laboratoriyadagi so‘nggi asboblar tufayli aholi 34 xil tahlilni shu yerning o‘zida olish imkoniga ega. Oddiy poliklinikada ayollar uchun shuncha sharoitning yaratilgani xotin-qizlar uchun yuksak e’tibordir. Prezidentimiz bayram munosabati bilan xotin-qizlarga yo‘llagan tabrigini eshitar ekanman, bunday e’tibor keyingi yillarda yanada kuchayishini his qildim.