E.Bositxonova : Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘t o‘chirish tashkiloti emas, har bir hokim o‘rinbosarining haftalik ishlari algoritmi bo‘lishi kerak

Samarqandda “Ayollar ijtimoiy himoyasi – ijtimoiy faollik poydevori” mavzusida forum ish boshladi.

Unda viloyat, shahar, tuman xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, mahalla mutaxassislari, hamkor tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirokchilarga qo‘mita ishini yanada yaxshilash bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

 - Oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashdek muhim vazifani amalga oshirishda jamoat va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik hanuz tizimli va mustahkam emas, - deydi E.Bositxonova. - Yoshlarni oilaga tayyorlash, erta turmushning oldini olishdagi ishlar rasmiyatchilikka asoslanib qolmoqda.  Xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Xo‘sh, ushbu muammolarning asosiy yechimi nimalarda ko‘rinadi? Birinchi navbatda, hamkor tashkilotlar bilan ishni tizimli tashkil qilish kerak. Xotin-qizlar qo‘mitasi har bir mahallada Anzirat buvilarni topishi, ulardan foydalanishi lozim.  Bugun to‘satdan sodir bo‘lgan, xususan, ona bolasini o‘ldirib qo‘ygani va boshqa muammolarga qo‘mita raislari birinchi navbatda jalb etilmoqda. Ular avvalo, shu muammoning oldini olishi, o‘zining haftalik ishlari algoritmini tuzishi zarur.

Seminar davomida namunali mahalla mutaxassislari, oilasidagi muhitga yaxshi hissa qo‘shgan qaynonalar, imtiyozli uylarga ega bo‘lgan xotin-qizlar Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan rag‘batlantirildi.

Forum davom etmoqda.