Egri yo‘lni tanlagan Rabbona

Afsuski, diniy ilmim bo‘lmaganligi sabab buning oqibati qanday yakun topishini vaqtida anglab yetmadim. Qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Bu yo‘lga boshqa kirmaslikka va’da beraman.

Bu e’tiqodi sustlik qilib, egri yo‘lni tanlagan ishtixonlik Rabbona Uzoqovning pushaymoni.

Gap shundaki, Rabbona Uzoqov 2014 yil 3 sentyabr kuni "odno­klassniki.ru" ijtimoiy tarmog‘iga kirib, "Rahimjon Uzoqov" nomli shaxsiy profilini rasmiylashtirdi. Hammasi o‘sha kundan boshlandi.

"Jihodchilar" diniy ekstremistik oqimining g‘oyaviy rahnamosi hisoblangan Abduvali Mirzayevning "Abduvali qori" nomli videolavha ko‘rinishidagi va boshqa bir nechta diniy ekstremistik hamda aqida­parastlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan ma’ruzalarini tinglash Rabbonaning sevimli mashg‘ulotiga aylanadi. Asta-sekin ularni profilidagi "o‘rtoq"lariga tarqata boshlaydi.

2016 yilning iyul oyida ishlash uchun Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga boradi. "O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas", deganlaridek, R.Uzo­qov bu ishni hamxonalari o‘rtasida ham targ‘ib qiladi. Shuningdek, Suriyada bo‘layotgan voqealarning videolavhalarini ham kuzatib boradi.

Biroq uning "faoliyati" uzoqqa cho‘zilmadi. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Rabbona Uzoqovning kirdikorlari fosh bo‘ldi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

 

B.SAFAROV.