Ehtiyojmand oilalarga mikroto‘lqinli pech, tikuv mashinasi, motokultivator berildi

Ishtixon tumanidagi to‘rtta sektor qoshida tashkil etilgan ishchi guruhlari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xonadonlarida bo‘lib, ularning ehtiyojlarini bevosita o‘rgandi.

Jumladan, tumandagi 1-sektor hududidagi Xalqobod mahallasida yashovchi 123 nafar ishsiz fuqaroning bandligini ta’minlash maqsadida 10 turdagi 123 ta asbob-uskuna, 17 ta gaz balloni topshirildi. Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xonadonlarga 3 million so‘m moddiy yordam pullari berildi.

Bundan tashqari, tuman hokimining sayyor qabulida 18 nafar fuqarodan tushgan murojaatlar yuzasidan mikroto‘lqinli pech, tikuv mashinasi, motokultivator kabi asbob-uskuna ham o‘z egalariga berildi.

Shaldiroq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi To‘lqin Tursunov oilali, ikki nafar farzandi bor. Ammo o‘zi va turmush o‘rtog‘i ishsiz bo‘lganligi sababli “Temir daftar”ga kiritilgan. T.Tursunov har yili ko‘klamda qishloq aholisining tomorqasiga qo‘l kuchi bilan ishlov berib daromad topgan. Tuman hokimi Shuhrat Negmatov uning xonadonida bo‘lganida motokultivator berilishini so‘radi.

- Iltimosim e’tiborga olinib, menga motokultivator berildi, - deydi u. - Endi mehnat samarodorligim oshib, oilamga keltiradigan daromadim ko‘payadi. Bu ko‘makdan minnatdorman.

Shuningdek, bu yerda tumandagi kasb-hunarga o‘qitish maktablarida tadbirkorlikdan ta’lim olgan 71 nafar yigit-qizga o‘quv kurslarini tugatganligi haqidagi sertifikat berildi.

Shu kuni 4-sektor hududidagi Zarbuloq mahallasi aholisining uchala daftarga kiritilgan 107 fuqarosiga 8 turdagi 107 ta asbob-uskuna berildi.

Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati.