Ekinlar himoyasini ta’minlash yo‘lida
Korxonaning asosiy faoliyati qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurashning eng samarali kimyoviy vositasi bo‘lgan pestitsidlar ishlab chiqarish va ularni fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalariga yetkazib berishdir.
Shu maqsad doirasida Samarqand qishloq xo‘jalik institutida rossiyalik mutaxassislar hamda samarqandlik olimlar ishtirokida "Qishloq xo‘jaligi o‘simliklari zararkunandalari hamda ekinlar kasalliklariga qarshi kurashda kimyoviy vositalarni qo‘llash samaradorligini oshirishda ilmiy ishlab chiqarish hamkorligi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda "Щyelkovo Agroxim" aksiyadorlik jamiyati bosh direktori, Rossiya Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi Salis Karakotov pestitsidlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishdagi foydasi, undan to‘g‘ri va samarali foydalanish usullari haqida so‘z yuritdi. Akademik o‘zining qishloq xo‘jaligi ekinlarini kimyoviy himoya qilish vositalarini ishlab chiqarishni takomillashtirish borasidagi loyihalarini ham ko‘rgazmali materiallar asosida taqdim etdi. Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Qobilov, Rossiyaning Astraxan shahridagi "Aminov savdo uyi" bosh direktori B.Aminov, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori F.Hoshimov, "SANAGROHIM" qo‘shma korxonasi direktori A.Mirzayev o‘simliklarning zararkunandalariga qarshi kurash sifati va samaradorligini oshirish borasidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
– O‘simliklarni turli zararkunandalardan himoya qilish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning ajralmas qismi bo‘lib, dunyoning aksariyat mamlakatlarida dolzarb muammo bo‘lib qolayotir, – deydi S.Karakotov. – Shu bois ushbu masalaga hukumat va mahalliy davlat hokimiyati idoralari tomonidan jiddiy e’tibor berilmoqda. Biz samarqandlik hamkorlarimiz bilan bu yerda yillik quvvati 20-25 ming tonna pestitsid ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan zavod qurilishi borasida kelishib oldik. Korxona ishga tushgach, 100 kishi ish bilan ta’minlanadi. Eng muhimi, mahsulot tannarxi 25-30 foizga arzonlashadi.
Yo‘ldosh SUYuNOV,
"SANAGROHIM" qo‘shma korxonasi matbuot
kotibi.