Ekologik toza poytaxtlar. Ular bunday saranjomlikka qanday qilib erishdi?

 

“Tozalangan emas, chiqindi tashlanmaydigan joy toza”,  deb bejizga aytishmasa kerak. Ushbu bayonotni tasdiqlab, dunyoning ekologik toza poytaxtlari ro‘yxatiga aholisining o‘zi saranjomlikka hissasini qo‘shgan va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish yo‘llarini izlayotgan shaharlar kiradi. Bugun butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi mutaxassislari taqdim etgan, ekologik jamg‘armalar, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, migratsiya agentliklari va hokazolar tomonidan tuziladigan reytinglarda muntazam ravishda turgan shaharlar bilan tanishamiz.

Kanberra

Odatda birinchi o‘rinlarni Skandinaviya mamlakatlari egallab kelgan, biroq o‘tgan yilda chempionlikni Avstraliya poytaxti qo‘lga kiritdi. Buning sabablari quyidagicha:

- bu yerda qayta tiklanadigan energetika rivojlangan, energiyaning salmoqli qismi shamol va quyosh elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi;

-  atmosferaga chiqindi gazlar miqdorini kamaytirish uchun aholi avtomashinalardan kamroq foydalanishga harakat qiladi – buning uchun jamoat transporti va avtomashinalarni taqsimlash xizmatlari yaxshi tashkil etilgan;

- shaharning havosi toza va daraxtlar ko‘p;

- rasmiylar avstraliyaliklarni atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilishga undaydi va bu sezilarli natijalarni bermoqda.

Kopengagen

Daniya poytaxti birinchilardan bo‘lib ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi. 1971 yilda sayyoramiz tarixida birinchi marta mamlakatda Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlik ifloslanishlarga qarshi kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirdi, aholi suv va boshqa resurslarni iste’mol qilishga mas’uliyat bilan qaray boshladi. Shu tufayli Shimoliy va Boltiq dengizlari orasidagi Oresun bo‘g‘ozining qirg‘oq suvlari sezilarli darajada tozalandi.

XX asrning o‘rtalarida oqava suvlarini oqizish baliqlarning o‘limiga olib kelardi. Bugungi kunda esa bu yerda toza plyajlar va suzish joylari mavjud.

Vena

Avstriya poytaxti muntazam ravishda dunyodagi eng toza shaharlar qatoriga kiradi. Vena havo ifloslanishining past darajasi, yashil maydonlarning yuqori foizi va ko‘chalarni ortiqcha yuklamaslik uchun shaxsiy avtomobillarda harakatlanmaslikka harakat qilib, jamoat transportidan foydalanadigan odamlar soni va shahar aholisining obodonlashtirishda faol ishtiroki tufayli poytaxtlar ichida eng yaxshilaridan biri hisoblanadi. Ko‘chatlarni uylarning old tomoni va tomlarida ham uchratish mumkin.

Rasmiylar va aholining sa’y-harakatlari poytaxtni 2019 yilda yashash uchun eng qulay shahar deb e’tirof etilishiga olib keldi.

Stokgolm

Shvetsiya poytaxti axlat tufayli... “ko‘kardi”. XX asr oxirida mamlakat poligonlardan voz kechib, chiqindilarni alohida yig‘ishga o‘tdi. Bu yerda deyarli barcha chiqindi energiya ishlab chiqarish uchun qayta ishlanadi. Poytaxt energiyaning salmoqli qismini chiqindi yoqishdan oladi.

Aholiga banan po‘chog‘i bir idishga, konfet o‘ramlari esa boshqa idishga tashlash kerakligi bolalikdan o‘rgatilgan. Ular bog‘larni o‘g‘itlash uchun chiqindilardan kompost tayyorlashni biladi, plastik va shisha idishlar, kichik elektronikalarni topshirishdan tortinmaydi. Shahar 2040 yilgacha qazib olinadigan yoqilg‘idan butunlay voz kechishni rejalashtirmoqda.

Reykyavik

Islandiya elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun mamlakatdagi ko‘plab geotermal manbalardan foydalanadi. Orolning noyob tabiat in’omlari hatto sovuq mavsumda ham piyodalar yo‘laklarini isitish imkonini beradi. Shu bilan birga, shahar aholisi uchun kommunal to‘lovlar unchalik baland emas.

Islandiyaliklarning o‘zlari ham poytaxtlarida ekologik tozalikni saqlab kelishadi. Ular ko‘chaga chiqindi tashlamaydi, maishiy chiqindilarni saralaydi, transport vositalaridan kamroq foydalanishga harakat qiladi.


Vellington

Dunyodan ajralib qolgan orol mamlakat Yangi Zelandiyaning havosi toza bo‘lishi uchun tabiatning o‘zi g‘amxo‘rlik qilgan.

Yarim millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan poytaxt Vellington Yangi Zelandiyaning eng zich joylashgan shaharlardan biridir. U yerda energiyadan oqilona foydalanish, chiqindilar yig‘ilishi va utilizatsiyasi nazorati, yashil maydonlarni asrash dasturlari ishlab chiqilgan. Aholisi dasturlarda faol ishtirok etishi natijasida shahar muntazam ravishda Yer yuzidagi eng toza joylardan biri sifatida tan olinib kelinmoqda.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.