Ekologiya: Insoniyat o‘zini o‘zi halokatga mahkum etmoqda
JIDDIY TAShVIShA TUShIShDI
Yevropa ittifoqi zaharli chiqindi yetkazayotgan zarardan jiddiy tashvishga tushmoqda va muqobili bor bir marta ishlatiladigan plastik buyumlardan foydalanishni man etuvchi qaror qabul qildi.
Yevropa olimlarining hisoblab chiqishlaricha, agar ahvol shu tariqa davom etadigan bo‘lsa, 2025 yilga borib, jahon okeanida har 3 kilogramm baliqqa 1kilogramm chiqindi to‘g‘ri kelarkan. Dunyo bo‘yicha okeanlarda, ko‘l va daryo qirg‘oqlari, o‘rmonlar, istirohat bog‘lari, yo‘l, ko‘cha bo‘ylari, dala uvatlarida paydo bo‘ladigan plastik chiqindi manzarasini endi ko‘z o‘ngingizga keltiravering.
Atrof-muhitda plastik chiqindisi miqdori yil sayin oshib bormoqda. Xatarli tomoni shundaki, u qog‘oz, hatto metall singari tabiat aylanma siklini hosil qilmaydi. Ayrim plastik turlari 300 yil, plastik chelak yoki baklashka 500 yilgacha hovli-joy atrofi, o‘rmon, ariq, jarlar va boshqa yerlarda chirimasdan yotadi. Bu esa tabiatga salbiy ta’sir etadi. Tuproqqa tushgan bu turdagi chiqindi suv havzalari, ekinzorlar, grunt suvlarini zaharlovchi kimyoviy moddalar ajratadi. Ayniqsa, yaqin atrofdagi suv manbalari yaroqsiz bo‘lib qoladi.
Hozirda ko‘pchilik plastik materiallar deganda baklashka va polietilen plyonkalarnigina tushunadi va ularni har holda yig‘ib olsa bo‘ladi-ku deb o‘zlariga taskin berishadi. Afsuski, bunday emas. Plastik mahsulot ko‘pqirrali bo‘lib, ishlatish ko‘lami ancha keng. Tarkibi ham har xil va murakkab. Xatarliligi ham shunda.
Aytaylik, butilka, oziq-ovqat idishlari ishlab chiqariladigan RET yoki PET, ya’ni polietilentereftalat degani bor. Yana o‘yinchoqlar, qurilish materiallari, avtomobil ehtiyot qismlari, idish-tovoq, kompakt disk, ko‘zoynak, elektr jihozlari, kanalizatsiya, quvurlar va boshqa turdagi tovarlar ishlab chiqariladigan turlari ko‘p. Ularning har biri foydalaniladigan sohasiga qarab, o‘ta murakkab kimyoviy elementlardan tashkil topgan.
Plastikli ifloslanish tuproq, suv orqali hayvonlarni, dehqonchilik mahsulotlari orqali odamlarni zaharlaydi va bu uzoq vaqt davomida sezdirmasdan organizmga singib boradi.
Bir martalik idish va oziq-ovqat saqlanadigan polietilen xaltachalar, plastik qutilardan foydalanish ham xavfsiz emas. Albatta, ular darhol insonni azoblab o‘ldirmaydi. Asta-sekin portlovchi bomba singari organizmda to‘planib boradi. Ularni hatto jigar va buyrakni davolovchi eng zamonaviy asboblar, usullar bilan ham tozalab bo‘lmaydi. Shifokorlar plastik buyumlar zararlaydigan boshqa organlar – ko‘z, yurak, miya hujayralari, diabet, o‘pka kasalliklarini ham keltirishadi.
Katta miqdordagi plastik mahsulotlar Dunyo okeaniga tushyapti. Hozirda okeanlarda beshta ulkan "Chiqindi dog‘i" paydo bo‘lgan. Ularning kattaligi ayrim davlatlar hududiga teng. Jumladan, Tinch, Atlantika okeanlarida ikkitadan, Hind okeanida bitta. Ularda nomi plastika degan narsa borki, hammasi mavjud: baklashka, uning qopqog‘idan tortib polietilen plyonkalar, idish-tovoqlar, mebellar, qutilar, cho‘tkalar, ruchkalar, atir-upa, krem, bo‘yoq, tish pastasi qutilari va hokazolar. Ular har yili 400 ming dengiz mayda oziqlanuvchilarining yostig‘ini quritmoqda.
Ko‘pchilik odamlar plastik chiqindilarni yoqib yuborish bilan muammoning oldini olmoqchi bo‘lishadi. Bu usul ham eng xatarli ekan. Havoga zaharli dioksin moddasi ajratib chiqarar ekan. U esa biosferada aylanib, inson organizmida immunitetning zaiflashuvi, saraton kasalliklarini keltirib chiqarar ekan.
T.ShOMURODOV tayyorladi.
Tahririyatdan: ushbu maqolani o‘qiganlar, "Xatar uzoqda ekan-ku", deb beparvolikka yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Plastik chiqindilarga to‘la mahalla, qishloq, tashkilot va boshqa ob’yektlar ko‘p. Ularni tozalashni paysalga solmaslik, bu har kungi ishga aylanishi, unda hamma ishtirok etishni turmush madaniyatining bir ko‘rinishiga aylantirmog‘i lozim.