Eksport yo‘nalishida yaratilgan qulayliklar

Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun sodda va shaffof bojxona tartib-taomillarini joriy qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tovarlar eksportida ham.

Mahsulotni eksport qilishda tashish xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risida nizom qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, mahalliy eksport qiluvchi korxonalar (ularning vakolatli vakillari) mahsulotlarni eksport qilishda temir yo‘l transportida tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi joriy qilindi.

Shuni alohida e’tirof etish kerakki, Prezidentimizning 2019 yil 28 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni rag‘batlantirish agentligi tashkil etilganligi, eksportni rag‘batlantirish va eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.

Eksportni rag‘batlantirish agentligi manfaatdor sub’yektlarga kompensatsiya taqdim etish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Shuningdek, manfaatdor sub’yektlar eksport qilgan mahsuloti bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizgacha qismiga kompensatsiya olish uchun ariza topshirish huquqiga ega.

Hujjatlar to‘liq taqdim etilganda, vakolatli organ tomonidan arizalar 7 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi.

Moliya vazirligi vakolatli organ buyurtmanomasiga asosan 3 ish kunida davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini vakolatli organga, vakolatli organ esa ushbu mablag‘ni 3 ish kuni mobaynida manfaatdor sub’yektning bankdagi hisob raqamiga o‘tkazib beradi.

O‘tgan yillar davomida bojxona sohasida qabul qilingan muhim hujjatlar, joriy qilingan yangi tartib va qulayliklarning barchasi tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlar raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.