Ekvador epidemiya oldida ojiz qoldi: “Odamlar pashsha kabi nobud bo‘lmoqda”
Kasalxonalar kasallik yuqtirib olish markaziga aylandi. O‘likxonalar qurbonlarning murdasini qayerga joylashtirishni bilmayapti. “Omadi kelgan” mayyitlar banan solinadigan qutilarda dafn etilmoqda, omadsizlari esa ko‘chalarda jazirama issiq ostida qolib ketmoqda. Janubiy Amerika mamlakati epidemiyani qanday boshidan o‘tkazayotganligi haqida “Lenta.ru” nashri xabar berdi.
So‘nggi kunlarda mamlakat ijtimoiy tarmoqlari ko‘chada yotgan o‘liklar tasvirga olingan video va suratlar bilan to‘lib ketdi. Ularni tvitter sahifalariga joylayotgan, sarosimada qolgan odamlar hukumatga murojatlar yo‘llamoqda.
Ekvadorliklar hukumatdan erini jonsiz tanasini olib ketishni so‘rab yolvorgan Garbiela Orellananing nolalari tasvirga olingan videolavhani bir necha kun muhokama qildi.
- Janob Prezident iltimos javob bering. Barcha xizmat ko‘rsatish tashkilotlari qayerga g‘oyib bo‘ldi? Ular menga kelishga va tanani olib ketishga va’da berishdi, biroq aldashdi... Yagona o‘tinchim, unga bu dunyodan hurmati joyiga qo‘yilgan holda ketishiga yordam bering! Iltimos uning ko‘chada qolib ketishiga yo‘l qo‘ymang.
Yana bir Lurdes Frias ismli ayol “The New York Times” jurnaliga uning qo‘shnisi koronavirus oqibatida vafot etganidan so‘ng besh kun mobaynida barcha favqulodda xizmat tashkilotlariga telefon qilganini va oltinchi kuni qo‘shnisining tanasi olib ketilganini so‘zlab berdi.
- Ayni vaqtda sodir bo‘layotgan voqealar dahshatli tushga o‘xshaydi. Biz bu tushdan uyg‘ona olmayapmiz – dedi u suhbat chog‘ida.
2,7 million aholisi bor bo‘lgan Ekvadorning Guayakil shahri mamlakatning eng katta megapolislaridan biri hisoblanadi. Shahar Tinch okeani qirg‘oqlarida joylashganligi sababli uni “Tinch okean marvaridi”, deb ham atashadi. Aynan shu shahar Lotin Amerikasida kasallik tarqalish markaziga aylandi.
Koronavirus mamlakatga 71 yoshli ekvador fuqarosi Ispaniyadagi ta’tilidan so‘ng uyiga qaytganda, “Muqaddas Valentin kuni” bayramida kirib keldi. 13 mart kuni u vafot etdi. Shu orada Guayakilga Yevropada tahsil olayotgan talabalar ham qaytdi. Ular Yevropada avjiga chiqqan COVID-19 infeksiyasidan qochib vatanlariga qaytib keldilar. Kasallanganlar soni 111 nafarga yetganida Ekvador hukumati alohidalash tizimini joriy etdi va barcha chegaralarni yopdi. Biroq mahalliy sog‘liqni saqlash tizimi pandemiyaga tayyor emasdi: bir necha kundayoq kasalxonalar kasallanganlar bilan to‘lib toshdi. Mamlakatning aynan sog‘liqni saqlash tizimi virusning avj olishiga imkon yaratib berdi.
Ekvador qonuniga binoan, agar bemor kasalxonaga joylashtirilsa, unga oila a’zolari qaraydi, ya’ni qarindoshlari uni oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlaydi, ular doimo bemor bilan muloqotda bo‘ladi. Xususiy shifoxonalarda bemor yotgan xonaning yonida, tunda navbatchilik qilishlari uchun qarindoshlarga mo‘ljallangan maxsus xonalar ajratilgan. Shu sababli koronavirusga chalingan bemorning qarindoshlari doimo u bilan aloqada bo‘lgan va infeksiyani ko‘chalarga tarqatgan.
Oqibatda odamlar ommaviy kassalanishni va vafot etishni boshladi. O‘likxonalar qurbonlar oqimiga dosh berolmay qoldi. Dafn marosimi o‘tkazish firmasi xodimlari infeksiya yuqtirib olishdan qo‘rqib, ishlashdan bosh tortdi. Vafot etgan odamlarning tanalarini olib ketadigan odam va tashkilot qolmadi.
Ko‘plab ekvadorliklar jonsiz tanalarni ko‘chaga chiqarib yoqdi, kimlardir yaqin atrofdagi kenglikka olib chiqib ko‘mdi. Yana kimlardir kasallik yuqtirib olishdan qo‘rqib, qarindoshlarining tanalarini shunchaki, ko‘chaga chiqarib tashladi.
Guayakil shahrining Kennedi klinikasida ishlaydigan shifokor Marselo Kastilo quyidagilarni so‘zlab berdi:
- Men shaharning shimolida, asosan, boylar istiqomat qiladigan hududda ishlayman. Shuni aytishim mumkinki, hozirgi vaziyatda boylik ham, siyosatchi do‘stlarning yordami ham yordam bera olmaydi. Bu yerda odamlar pashsha kabi nobud bo‘lmoqda. Mening hamkasblarim har navbatchilikni topshirganlaridan so‘ng xo‘ngrab yig‘laydi.
Shunga o‘xshash voqeani doktor Teodor Maldonado ham so‘zlab berdi:
- Ayni vaqtda kasalxona urush davridagi gospitalga o‘xshaydi. Biz guvohi bo‘layotgan voqealar, dahshatli filmlardagi sahnalarga o‘xshaydi. Mening ayolim ishga bormasligimni so‘rab har kuni yolvoradi. Ammo men bormasam yanada ko‘proq odamlar qurbon bo‘ladi.