Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

So‘nggi yillarda mamlakatimizda, eng avvalo, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlik va ishbilarmonlik faolligini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, elektr energetikasi tarmog‘ida mavjud imkoniyat va salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotganligi ko‘zlangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Sog‘lom raqobat muhitining yo‘qligi, sezilarli darajada kvazidavlat sektorning mavjudligi, tarif siyosatining bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos kelmasligi davlat tomonidan haddan tashqari tartibga solinishiga hamda davlat va tijorat manfaatlarining to‘qnashuviga olib kelmoqda.

Resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish darajasining pastligi, tegishli infratuzilmani yangilash sur’atlarining sustligi texnologik yo‘qotishlarning oshishiga va elektr energiyasini yetkazib berishda, ayniqsa, joylarda muntazam uzilishlarga olib kelmoqda.

Tarmoq korxonalarini boshqarishning byurokratlashgan tizimi va mehnat resurslaridan samarasiz foydalanish ularning ish faoliyati samaradorligi va natijadorligini pasaytirmoqda hamda ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlarning o‘sishiga olib kelmoqda.

Ilg‘or xorijiy tajriba, zamonaviy innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida elektr energetikasi tarmog‘ida davlat boshqaruvining tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. 2018-2020 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va iste’molini nazorat qilishni takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” quyidagilarni nazarda tutgan holda 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha loyiha qiymati 2,6 milliard AQSh dollari bo‘lgan umumiy quvvati 1 984 MVt 7 ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish;

jalb qilinadigan kreditlar va “O‘zbekenergo” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr bo‘lgan yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, 2 500 ta transformator punktini o‘rnatish va modernizatsiya qilish;

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi o‘rinlarda – EEHO va NQAT) 7 million iste’molchilarni ulash, 2021 yil yakuniga qadar EEHO va NQAT qamrovini abonentlar umumiy sonining 100 foizigacha yetkazish;

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari bilan kelishilgan, umumiy qiymati 1,8 milliard AQSh dollari miqdoridagi uzoq muddatli kreditlarni o‘zlashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Yo‘l xaritasi”da belgilangan har bir loyihani amalga oshirish bo‘yicha tarmoq grafiklarini tasdiqlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga – “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini qat’iy nazoratga olish;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmurodovga – xalqaro moliya institutlari va tashkilotlardan jalb qilinayotgan mablag‘larning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini ta’minlash, shuningdek, salohiyatli investorlarni izlash va investorlarga, shu jumladan, ishonchli boshqaruvga beriladigan ob’yektlarni aniqlagan holda elektr energetikasi tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorovga – elektr energetikasi tarmog‘ida loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish mexanizmlarining sifatli ishlab chiqilishini ta’minlash;

“O‘zbekenergo” AJ boshqaruvi raisi U.M.Mustafoyevga –loyiha hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash, mazkur qarorda belgilangan ob’yektlarni qurish va foydalanishga topshirishni ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Obod qishloq” Davlat dasturini amalga oshirish uchun jalb qilingan xalqaro moliya institutlari qarz mablag‘larining 100 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan qismini 2019-2020 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilishini ta’minlasin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 14 fevraldagi PQ-1705-son va 2012 yil 2 avgustdagi PQ-1795-son qarorlariga muvofiq “Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish. O‘zbekiston Respublikasining Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlari 0,4 kVtli iste’molchilarining elektr energiyasi iste’molini hisobga olish tizimi” loyihasi (keyingi o‘rinlarda – ASKUE 1-faza) Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va “O‘zbekenergo” AJning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) “Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUE 4-faza) joriy etish” loyihasini amalga oshirish uchun ko‘zda tutilgan Osiyo taraqqiyot bankining 300 million AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari hisobiga respublikaning boshqa hududlarida EEHO va NQATni joriy etishloyihasini amalga oshirish;

b) Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobiga ASKUE 1-faza loyihasini amalga oshirish doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan EEHO va NQAT ma’lumotlarini qayta ishlash respublika yagona markazini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender natijalariga ko‘ra aniqlangan pudratchi – kompaniya bilan;

Respublikaning barcha hududlarida EEHO va NQATni joriy etish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy hisoblash qurilmalari va qo‘shimcha asbob-uskunalarni sotib olish uchun xalqaro tanlov savdolarini o‘tkazish yuzasidan tender hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha «CESI S.P.A/AF Mercados Energy Markets International S.A/Sharifa.com» (Italiya/Ispaniya/O‘zbekiston) konsalting kompaniyalarining konsorsiumi bilan qo‘shimcha bitimlar tuzish.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Sh.A.Vafoyev)gaquyidagilarni muvofiqlashtirish uchun javobgarlik yuklansin:

xarid qilish jarayonlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtirok etishini, mamlakat hududida EEHO va NQAT va hisoblash qurilmalariga xizmat ko‘rsatish servis markazlarini yaratishni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining boshqa manfaatlarini hisobga olgan holda EEHO va NQATni joriy qilish uchun zamonaviy hisoblash qurilmalari va qo‘shimcha asbob-uskunalarni sotib olish uchun tender hujjatlarini ishlab chiqish;

Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari hisobiga 2021 yil 1 dekabrga qadar respublikaning barcha hududlarida EEHO v NQATni joriy etishni yakunlashbo‘yicha zamonaviy hisoblash qurilmalari va qo‘shimcha asbob-uskunalarni sotib olish yuzasidan xalqaro tender savdolarining o‘tkazilishini jadallashtirish.

"O‘zbekenergo" AJ mahalliy ishlab chiqaruvchilardan hisoblash qurilmalari va qo‘shimcha asbob-uskunalarni sotib olish jarayonida, ularning texnik parametrlarining xalqaro tender savdolarini o‘tkazish uchun tayyorlangan tender hujjatlari talablariga muvofiqligini ta’minlasin.

4. Majburiy ijro byurosi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olgan holda, elektr energiyasini hisoblash qurilmalari va qo‘shimcha asbob-uskunalarni sotib olishni parallel moliyalashtirish maqsadida 2019-2021 yillar davomida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasidan har yili 400 milliard so‘m miqdorida soliqqa tortilmaydigan mablag‘larni “O‘zbekenergo” AJga beg‘araz ravishda ajratilishini ta’minlansin.

5. Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha Komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin, unga Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki guruhi bilan birgalikda:

a) ishlab chiqarish quvvatlarini 2030 yilgacha 20 ming mVtga yetkazgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha uzoq muddatli investitsiyaviy dasturni 2019 yil 1 mayga qadar ishlab chiqish;

b) 2019 yil 1 martga qadar elektr energiyasini uzatishda davlatning to‘liq nazoratini saqlab qolgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash (sotish) korxonalariga xususiy hamda xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida keng jalb qilishni,shuningdek, ishlab chiqaruvchi korxonalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov asosida elektr energiyasini sotib olishning ulgurji bozorini bosqichma-bosqich tashkil etishni nazarda tutgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy sxemasini ishlab chiqish;

v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida idoralararo tarif komissiyasini tashkil etishni nazarda tutgan holda, 2019 yil 1 aprelga qadar elektr energetikasi tarmog‘iga xususiy sektorni jalb qilishni rag‘batlantiruvchi,elektr energiyasining joriy va kapital xarajatlarini qoplashga asoslangan elektr energiyasi tariflarini hisoblash metodologiyasini tayyorlash va tasdiqlash;

g) 2019 yilda elektr energetikasi tarmog‘i korxonalarida korporativ boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etishni ta’minlash, shuningdek, tarmoq korxonalarining korporativ obligatsiyalarini chiqarish va xalqaro bozorlarga joylashtirish;

d) 2018 yil 1 dekabrga qadar elektr energetikasi tarmog‘ida davlat-xususiy sheriklikning normativ-huquqiy bazasi, tartib-taomillari va reglamentini ishlab chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash;

ye) mavjud resurs bazasi, zamonaviy texnologik tendensiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni inobatga olgan holda, elektr energetikasi tarmog‘ida salohiyatli investorlar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida yangi investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish vazifasi yuklansin.

7. Komissiya (A.N.Aripov) 2018 yil 15 dekabrga qadar, respublikaning yoqilg‘i-energetika kompleksi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish bilan bog‘liq barcha kompleks masalalarni yuklagan holda, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi “O‘zbekenergo” AJ va Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2019 yildan boshlab:

Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida quvvati 100 mVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tajriba loyihasini tanlov asosida amalga oshirishni;

xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda mamlakatning issiqlik elektr stansiyalaridan birida bug‘-gaz qurilmasini qurish, shuningdek, Andijon, Namangan, Farg‘ona shaharlaridagi elektr energiyasi tarqatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish tajriba loyihasini davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni;

xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda “Toshkent shahridagi tarqatish tarmoqlarini uzoq muddatli ijaraga berish” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslarining asosiy parametrlarini ishlab chiqishni boshlashni ta’minlansin.

9. Belgilansinki, “O‘zbekgidroenergo” AJ gidroelektrstansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun to‘lov iste’molchilar – jismoniy shaxslar uchun yakuniy tarifning 85 foizi miqdorida shakllanadigan tarif bo‘yicha amalga oshiriladi.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJning:

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining “O‘zbekenergo” AJ loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun ajratilgan kreditlarini, tegishlicha yakuniy to‘lovlar muddatini uzaytirish va qayta moliyalashtiruvchi banklarning majburiyatlarini restrukturizatsiya qilish bilan birga 4-ilovaga muvofiq 3 yilga uzaytirish;

“Chorvoq GES gidrogeneratorlarini ularning ishchi g‘ildiraklarini almashtirish bilan birga modernizatsiya qilish” investitsiyaviy loyihasini moliyalashtirish uchun “O‘zbekenergo” AJga berilgan kreditni “O‘zbekgidroenergo” AJga qayta rasmiylashtirish haqidagi takliflari ma’qullansin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarordan kelib chiqib, “O‘zbekenergo” AJ majburiyatlari bo‘yicha ilgari berilgan davlat kafolatlariga o‘zgartirish kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasida “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” (Rossiya Federatsiyasi) Federal davlat byudjet oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil qilish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

energetika tarmog‘iga yuqori malakali menejerlarni yollash uchun kadrlarni tanlash bilan professional asosda shug‘ullanadigan tashkilotlarni jalb qilish choralarini ko‘rsin;

Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda muqobil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarini yagona energetika tizimiga ulash tartibini takomilashtirish va loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

13. “O‘zbekenergo” AJ O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

2019 yil 1 aprelga qadar elektr energiyasi, shu jumladan, muqobil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlarini yagona energetika tizimiga ulash reglamentini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.S.Sultonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV

Toshkent shahri, 2018 yil 23 oktyabr