Elektron hisobvaraq-faktura xufiyona iqtisodiyotga to‘siq bo‘ladimi?
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi kunda iqtisodiyotni raqamlashtirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ushbu jarayonda tadbirkorlik sub’yektlariga qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, elektron hisobvaraq-faktura (EHF) tizimining amaliyotga joriy etilgani ham fikrimizning yorqin tasdig‘idir. Xo‘sh, tadbirkorlik sub’yektlariga ushbu tizim ma’qul kelyaptimi, uning qulaylik va afzalliklari nimalardan iborat?
– Elektron hisobvaraq-faktura tizimi biz uchun juda manzur bo‘ldi, – deydi Samarqand shahridagi “AvtoZAZ” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh buxgalteri Elvira Nazarova. – Masalan, an’anaviy hisobvaraq-faktura qog‘ozda tayyorlanib, uni manziliga yetkazish uchun transport xarajati va vaqt talab qilinar edi. EHF esa bu kabi ovoragarchiliklarga chek qo‘ydi. Eng muhimi, u qulay va sodda yuritiladi, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash bilan bog‘liq xatolarning oldini oladi. Shuningdek, EHFning hamkorlarga tezkor va kafolatli yetkazib berilishi ham e’tiborga molikdir.
Ta’kidlash joizki, Samarqand viloyati bo‘yicha jami 30784 ta korxonaning EHF tizimiga o‘tishi nazarda tutilgan. Bugungi kunga kelib 17000 ta sub’yekt ushbu tizimdan foydalanib kelmoqda. Shundan, 7050 tasi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilaridir.
Muxtasar aytganda, EHF tizimi orqali noinsof soliq to‘lovchilarni aniqlash imkoniyati mavjud. Xususan, mazkur tizim real vaqt rejimida qay turdagi mahsulotlar sotilgani yoxud sotib olinganiga doir ma’lumotni davlat soliq xizmati organlariga ko‘rish imkonini beradi. Bu esa, pirovardida xufiyona iqtisodiyotning oldini olishga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati davlat soliq
boshqarmasi matbuot xizmati.