Endi fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi

Bu tizimning yo‘lga qo‘yilishi, avvalo, davlat xizmatlarining sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkoniyatini tubdan yaxshilaydi. Asosiysi, aholi sarsongarchiliklarining oldini olib, korrupsiyani bartaraf etishga xizmat qiladi. Bu esa davlat xizmatlari ko‘rsatish, litsenziyalash, soliq, bojxona, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda xizmatlar sifatini yaxshilaydi. 

– Bu tuzilma avvalgi "Yagona darcha" markazining vazifalarini to‘liq o‘zida qamrab olish bilan birgalikda aholi eng ko‘p murojaat qiladigan boshqa xizmatlarni ham ko‘rsatadi, biz esa ular faoliyatini muvofiqlashtirib boramiz, – deydi davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Turobov. – Muhimi, murojaat qiluvchilar qisqa muddatda masalasiga yechim topadi, tadbirkorlar tezlik bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Birgina misol, 2017 yil 1 apreldan ro‘yxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilgan edi. Bu esa "Doing Business 2018" global reytingidagi "Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish" ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning mavqeini 24 o‘rindan 11 o‘ringa yaxshilashga olib keldi. Yangi tizim yanada samarali ishlashiga e’tibor qaratilgan. Tizim ishlab chiqilishida bu sohada katta samaraga erishayotgan Rossiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning tajribalaridan foydalanildi. Muhimi, hozir markazda 58 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, keyinchalik bunday xizmatlar soni bosqichma-bosqich ortib boraveradi. 

Yangi tuzilmaning ish jarayonini bevosita kuzatish uchun Samarqand shahar davlat xizmatlari markazida bo‘ldik. Bu yerda murojaat etuvchilar uchun barcha sharoit hozirlangan, xodimlarning barchasi kelib tushgan masalalarni o‘rganish bilan band. 
– Markazda xizmat turlari bir muncha ko‘paygan, – deydi Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi direktori Suhrob Shodiboyev. – Avval "Yagona darcha" markazida mijozlarga 34 tagacha davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirda tadbirkorlar va aholiga 58 turdagi xizmatlar taklif etilmoqda. Avvallari eski tuzilmada faqat tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatilardi, hozirda aholining barcha qatlamlariga ko‘maklashamiz. Tadbirkorlar uchun yana bir yangilik. Oldin ular elektron imzoni "Yagona darcha"dan, elektron kalitni soliqdan olishardi, endilikda har ikkisini ham markazdan olish imkoni yaratildi. Yana bir yaxshi tomoni, elektron ro‘yxatdan o‘tuvchilarning ko‘payayotgani bo‘lmoqda. Masalan, fevral oyining 5 ish kunida yuridik maqomga ega 9 ta, yakka tartibdagi 8 ta sub’yekt elektron davlat ro‘yxatidan o‘tdi va 52 nafar sub’yekt elektron kalit oldi. Bu ham ishbilarmonlarimizning vaqtini tejashda muhim ahamiyatga ega. 
Tizimning hayotga tatbiq etilishi fuqarolar sarsongarchiligini cheklab, hujjatlar harakatlanishini belgilaydi. Asosiysi, har qanday mijozning qisqa fursatda masalasi hal etilishiga e’tibor qaratiladi. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.
 

* Tug‘ilganlikni qayd etish
* Fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish
* Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga  kirish uchun hujjatlar topshirish 
* Ishsizlik nafaqasini tayinlash 
* Ixtiroga patentlar olish