Endi har bir tuman va shaharning o‘z futbol jamoasi bo‘ladi
Yurtimizda ommaviy futbolni rivojlantirish maqsadida xayrli ishga qo‘l urildi. Endilikda millionlar o‘yiniga befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimiz o‘z tumani yoki shahrida tashkil etilgan jamoaga muxlislik qilishi mumkin.
- Joriy yilning 21 may kuni O‘zbekiston futbol assossiatsiyasi prezidenti ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator o‘zgarishlarga qo‘l urilgan edi, - deydi PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev. – Mamlakatimizning har bir tuman yoki shaharlarida kamida bittadan futbol jamoasi tashkil etiladi. Bu loyihani amalga oshirishga bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rib kelganmiz. Hozirda har bir hududiy futbol assotsiatsiyasi prezidenti viloyat hokimi bo‘lishiga qaramasdan, ko‘p hollarda assotsiatsiyalar e’tiborsiz va mablag‘siz qoldirilgan. Endi bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir tuman yoki shaharning 2-ligada ishtirok etuvchi kamida bitta futbol jamoasi hamda o‘z maydoni bo‘ladi. Quyi ligalar saviyasini ko‘tarish orqali 1-liga hamda Pro-liga turnirlarining ham ahvoli yaxshilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq maxsus komissiya futbol uchrashuvlarini joriy yilning 5 iyunidan davom ettirishga ruxsat berilgani haqida xabar qilingandi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.