Endi kurkachilik ham bo‘ladi
Joriy yilda tumanda kurkachilikni keng yo‘lga qo‘yish borasida amaliy harakatlar boshlandi. "Maroqand parranda" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yiliga 3 million dona tuxum va 2 millionta kurka jo‘jasi yetishtirishga mo‘ljallangan loyiha amalga oshirilmoqda.
– Tumanimizdagi "Motrid agroservis MTP" mas’uliyati cheklangan jamiyati hududidan 6,5 gektar yer maydoni ajratilib, kurkachilik fabrikasini qurish ishlari boshlanib ketdi, – deydi korxona bosh muhandisi Ilyos Qurbonov. – Kurka jo‘jalarini ochirish uchun tuxumlar Gollandiyadan, inkubator, kurkalarni boqish, go‘sht va tuxumlarni saqlash uchun muzlatkichlar Germaniyadan keltirilishi rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirish uchun o‘z mablag‘imiz bilan birga "O‘zsanoatqurilishbank" aksiyadorlik tijorat banki tomonidan kredit ajratilmoqda. Korxona ishga tushirilgach, bu yerda 150 ta ish o‘rni yaratiladi.