Endi sartaroshning ham, chorvadorning ham faoliyati qonuniy
Aktam dastlab farzandlarining, keyinchalik qo‘ni-qo‘shnilarning sochini olib, sartaroshlik qilib yurdi. Qo‘li ancha o‘rgangach, qishloqdoshlari soch oldirish uchun eshik qoqib kela boshladi. Sartaroshlik uchun barcha zarur uskunalarni xarid qildi. Keyin davlat ro‘yxatidan o‘tib faoliyat yuritmoqchi bo‘ldi. Ammo to‘laydigan soliqni eshitib fikridan qaytdi. Axir, qishloqda odamlar har kuni soch oldiravermaydi-da. Demak, oyma-oy soliq to‘lab borishga imkoniyati yo‘q.
Hafsalasi pir bo‘lib turganda televizorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganligini ko‘rib qoldi. E’tibor bilan tingladi: aynan unga foydali, xursand bo‘lib, hujjat qilish uchun ishga kirishdi...
Darhaqiqat, Ishtixon tumanida xuddi Aktamdek faoliyatini qonuniylashtirishga qiynalib yurganlarga ushbu qaror juda qo‘l keldi. O‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatga olish rejasiga ko‘ra, yil yakuniga qadar tuman bo‘yicha 2248 nafar kishini ro‘yxatga olish ko‘zda tutilgan. 31 iyul holatiga tumanda 2089 nafar kishi o‘zini o‘zi band qildi. Bevosita yo‘nalishlar kesimida to‘xtaladigan bo‘lsak, ijtimoiy yo‘nalishlar bo‘yicha xizmatlar 445 nafar, sanoat yo‘nalishi bo‘yicha 370 nafar, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha 486 nafar, axborot komunikatsiya yo‘nalishi bo‘yicha 13 nafar, maishiy xizmatlar 524 nafar, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish 177 nafarni tashkil qilmoqda.
- Uyimda qoramol va qo‘y boqaman, – deydi Qoraqo‘yli mahallasida istiqomat qiluvchi Olim To‘ychiyev. – Qishlog‘imizda ko‘pchilikning tirikchiligi shuning ortidan. To‘g‘ri, o‘ziga yarasha mashaqqatli mehnatga yarasha daromad bor. Ammo keksayganimizda nafaqa olish muammosini ko‘p o‘ylardim. Baxtimga Prezidentimizning ushbu qarori chiqdi. Tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari qarorning mazmun-mohiyati bilan tanishtirishdi. “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tdim. Baralla ayta olaman, endi bizning ham faoliyatimiz qonuniy va keksayganda nafaqa olaman.
Ta’kidlash lozimki, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati 23 tadan 67 taga kengaytirildi. Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov yo‘q. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliqni bazaviy hisoblash miqdorining yarmini – 111,5 ming so‘m to‘lab, yil oxirigacha pensiya stajiga ega bo‘ladi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.