Endi telefon orqali avtobusingiz qachon kelishini bilib olasiz
Viloyat transport boshqarmasida tashkil etilgan press-turda Samarqand shahri jamoat transportida xizmat sifatini oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Endi Samarqand shahri aholisi va mehmonlari 2GIS.uz ATTO mobil ilovasi orqali o‘zlariga kerakli avtobuslarni harakatini kuzatish mumkin bo‘ladi.
- Agar qo‘l telefoningizga yangi yaratilgan “2GIS.uz” ATTO mobil ilovasini o‘rnatib olsangiz, bekatlarda avtobus kutish uchun vaqt yo‘qotmaysiz, - deydi “Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi boshlig‘i Aziz Islomov. – Chunki u orqali ma’lum bir yo‘nalishda qaysi avtobus kelayotgan bo‘lsa, oldindan xabar topib, kerakli vaqtda bekatga chiqasiz, xolos. ATTO MChJ tomonidan yaratilgan mazkur mobil ilova jamoat transportida harakatlanuvchi yo‘lovchilar uchun juda qulay.
Jurnalistlar tadbir davomida shahar hududida elektrobuslar uchun qurilayotgan yangi avtosaroy qurilishi hamda “Samarqand Hamkor trans” MChJ ish faoliyati bilan tanishdi.
“Samarqand yo‘lovchi trans” davlat korxonasi tomonidan Gagarin ko‘chasida joylashgan sobiq 2531-avtokorxona o‘rnida elektrobuslar uchun yangi korxona qurilishi ishlari boshlandi. Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining 49 million dollar hisobidan sotib olingan 100 ta elektrobusni saqlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish maqsadida bunyod etilayotgan mazkur avtosaroyda 50 ta quvvatlash uskunalari o‘rnatiladi.
- Qariyb 4 gektar joyda egallagan yangi avtosaroyda quvvatlash, texnik sozlash hamda yuvish kabi qator sexlar ish boshlaydi, - deydi korxona bosh muhandisi Abdukarim Samadov. – Korxona faoliyatini boshlagach, 250 nafar tajribali haydovchi va 100 nafar servis xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ishga qabul qilinadi. Haydovchilarning malakasi Xitoyning “YUTONG” kompaniyasi vakillari tomonidan imtihon orqali aniqlanadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.