Endi traktorchi ham “prava” va “texpasporti”ni almashtiradi

Chunki yerga ishlov berishdan boshlab, barcha agrotexnik tadbirlarni bajarishda yaroqsiz texnika va tajribasiz mexanizator bilan ko‘zlagan maqsadga yetib bo‘lmaydi.

Joriy yil 17 aprelda Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalaridan foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab Toshkent shahrida, 2020 yil 1 martdan boshlab barcha hududlarda traktorchi-mashinist guvohnomani rasmiylashtiriladi, texnikani ro‘yxatdan o‘tkazishda texnik pasport va texnik guvohnomaning yangi namunalari beriladi. 2020 yil 1 martdan 31 dekabrgacha texnik pasport va texnik guvohnoma, mashinist guvohnomasi va ularning berilgan vaqtidan qat’iy nazar, egasining arizasiga asosan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish, oldi-sotdi, ro‘yxatdan o‘tkazish va chiqarish davrida almashtiriladi. Eski namunadagi barcha texnik pasport va guvohnoma, traktorchilar guvohnomasi ham berilgan sanadan qat’iy nazar, 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha majburiy yangilanadi va eski guvohnomalar 2023 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy hisoblanmaydi. 

Moliya vazirligi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga texnikalarni ko‘rikdan o‘tkazish, texnik-diagnostika vositalari hamda zarur uskunalar va elektron dastur ta’minotini xarid qilish uchun 7 milliard so‘m mablag‘ ajratmoqda.

Texnikalarni ko‘rikdan o‘tkazish ishlari inspeksiya huzuridagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Tasarrufida 10 va undan ortiq texnika bo‘lsa, ularni joyida, agar undan kam bo‘lsa, belgilangan joyda ko‘rikdan o‘tkaziladi. Xizmat muddatini o‘tagan va belgilangan maydonchalarga olib kelish qiyinchilik tug‘diradigan texnikalar ish olib borilayotgan joyida texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Texnik ko‘rikdan o‘tgan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalari ma’lumotlar elektron bazasiga kiritiladi.

Abduvali Xudoyorov.