Eng g‘ayrioddiy pochta jo‘natmalari

Pochta orqali qor jo‘natish mumkinmi, himoyachi pulini tejab olmosni qanday yetkazib bersa bo‘ladi va odamlar kimga go‘ng jo‘natgan? “Moya planeta” sayti ishonish qiyin bo‘lgan pochta jo‘natmalari haqida so‘zlaydi.

Issiq yurtlarga: Xameleon

1954 yilning dekabr oyida Florida shtatining Orlando shahridagi pochta bo‘limiga posilka keldi. Undagi maktubda shunday yozilgan edi: “Hurmatli janob, men sizga xameleonimni yuboryapman, chunki men Ogayo shtatining Fostoriya shahrida yashayman va bu yerdagi iqlim xameleon uchun sovuqlik qiladi. Iltimos, uni tashqariga qo‘yib yuboring. Hurmat bilan Devid R.S. Hammasi joyida bo‘lishi bilanoq menga xabar bering, men undan juda xavotirdaman”.

Yashikni ochib ko‘rgan pochtachi, buni hazil deb o‘yladi. Negaki, quti bo‘sh edi. Keyinchalik u xameleonning harorat, yorug‘lik darajasi va boshqa omillarga qarab rangini o‘zgartirish qobiliyatini eslab, diqqat bilan qaradi. Haqiqatan ham pastda xameleon bo‘lardi. Bir necha kun o‘tgach, kuyinchak Devid javob xati olib, quyidagilarni o‘qidi: “Hurmatli Devid, kecha xameleoningizni qabul qilib oldim va darhol uni pochta bo‘limi yaqinidagi maysazorga qo‘yib yubordim. Sizga eng yaxshi tilaklar tilab qolaman. Kichik pochtachi L.A.Brayan”.

Qatra-qatra yig‘ilib... Bank binosi

Eng og‘ir buyurtmani 1910 yillarda AQShning Yuta shtatidagi Vernal shahri pochtachilari qabul qilgan. Mahalliy tadbirkor Uilyam Koltarp shaharga bank qurish kerak degan qarorga keldi. Biroq muammo tug‘ildi: eng yaqin g‘isht zavodi bo‘lgan Solt-Leyk-Siti shahri 200 kilometrdan ortiq masofada joylashgan  va yetkazib berish narxi g‘isht narxidan to‘rt baravar qimmat bo‘lib chiqdi. Uilyam miyasiga endigina yaratilgan pochta xizmatidan foydalanish fikri keldi. U xarajatlarni hisoblab chiqdi va haqiqatan ham shunday qilsa, arzonroq chiqishiga ishonch hosil qildi.

80 000 dona g‘isht qutilarga yotqizilib, qismlarga bo‘lib jo‘natishga tayyorlandi. Zavoddan kuniga 40 tagacha jo‘natma olib kelinardi va ularning har biri dastlab Vernal pochta bo‘limida ro‘yxatdan o‘tardi. Navbatdagi qutini ko‘rgan ishchilar boshlarini changallay boshladi. Shunga qaramay, buyurtma bajarildi. Ammo ko‘p o‘tmay bitta qabul qiluvchiga kuniga 91 kilogramdan ortiq jo‘natma yuborish taqiqlangani to‘g‘risidagi qoida joriy etildi.

Aytgancha, bu bino hozirgacha saqlanib qolingan va unda 1974 yildan buyon Zions Bank filiali faoliyat yuritib kelmoqda.

Uyimizda qish: Qor jo‘natmasi

Amerikliklar va inglizlarda qor sotib olish xizmati bor. Ha, ha, AQSh va Buyuk Britaniyada kompaniyalar qishni shundoqqina uyingizga yetkazib berishadi.

Qor issiqlik izolyatori bo‘lgan penopolistiroldan qilingan qutilarga joylashtirilib, muhrlanadi. Bunday jo‘natmaning narxi vazniga qarab belgilanadi. Masalan, 15 kilogramm qor uchun taxminan 200 dollar to‘lash kerak. Yetkazib berish manzilning uzoqligiga qarab, lekin har qanday holatda ham 18 soatdan oshmaslik sharti bilan faqat mamlakat ichida amalga oshiriladi.

Norozilik kayfiyati: go‘ng

2003 yilda Yangi Zelandiya fermerlari qishloq xo‘jaligi hayvonlari chiqaradigan gazlar uchun mamlakat solig‘iga qarshi ommaviy noroziliklarini bildirib parlament a’zolariga go‘ng solingan jo‘natmalarni yuborishgan. Vaziyatga pochta xodimlari kasaba uyushmasi aralashdi. Ularning aytishicha, bunday jo‘natmalar pochtachilar sog‘lig‘iga tahdid soladi. Politsiya esa jinoyat isbotlansa, jinoiy ish ochishga va’da berdi. Bu muammo pochtachilarga qo‘lqopdan foydalanish tavsiyasi bilan tugadi.

Qo‘riqchi pulini tejab... Olmos

Алмаз Хоупа - крупный бриллиант массой в 45,52 карата глубокого сапфирово-синего цвета и размерами 25,60×21,78×12,00 мм.

 Qimmatbaho toshlar do‘kondori Garri Uinston 1958 yilda asli kelib chiqishi Hindistondan bo‘lgan, tarixi afsonalarga boy va fransuz imperatori Lyudovik XIV egalik qilgan 45,52 karatlik “Xoup Olmos”ini sotib olgan. Kolleksiyachi o‘sha yili uni Smitson institutiga sovg‘a qilishga qaror qildi va bu uchun g‘ayrioddiy yo‘l – pochtani tanladi. To‘g‘ri-da, xazina izlab topish niyatida jo‘natmani ochib ko‘rish kimning ham xayoliga kelardi? Uinston pochta xizmati uchun bor-yo‘g‘i 2,44 dollar to‘ladi, bu qo‘riqchilar xizmati pulidan ancha arzon. Lekin har ehtimolga qarshi paketni 1 million dollarga sug‘urta qildi. Baxtiga pochtachi ushbu jo‘natmani beshikast manzilga yetkazib berdi.

Hozirda ushbu olmos Smiston instituti Tabiiy tarix muzeyining asosiy eksponati hisoblanadi va uning narxi 100 million dollarga baholanadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.