«Eng yaxshi kitobxon maktab» g‘oliblik jomboyliklarga nasib etdi

Viloyat bolalar kutubxonasida “Yilning eng yaxshi kitobxon maktabi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Har bir tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 16 ta maktab jamoalari kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda olib borilayotgan ishlari bo‘yicha o‘zaro bahslashdilar. Tanlov yakuniga ko‘ra, Jomboy tumanidagi 46-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi g‘oliblikni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
- Jamoamizning chiqishlarida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning barcha jihatlari keng qamrab olingan edi, - deydi 46-maktab direktorining ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilso‘z Qarshiyeva. – Ayniqsa, maktabimizda tashkil etilgan «Aktyorlik loyihasi» tuman maktablari o‘rtasida ommalashtirildi. Bundan tashqari, doimiy o‘tkazib kelinayotgan “Kitobxon oila”, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi”, “Kitob loto”, “Bir farzandga uch kitob” singari muntazam o‘tkazib kelinayotgan tadbirlarimiz o‘quvchilarning kitobga mehrini oshirib, ijobiy natijalarga zamin bo‘lmoqda.
Tanlovning ikkinchi o‘rni Ishtixon tuman 1-IDUM o‘quvchilariga nasib qilgan bo‘lsa, 3-o‘rinni Samarqand tumanidagi 2-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining yosh kitobsevarlari qo‘lga kiritdi.
Orif Xoliqulov.