Yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilish hisoblanadi

“Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 sentyabrdan avtotransportni boshqarish uchun ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (my.gov.uz) elektron rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Elektron ishonchnomani notarial tasdiqlash talab etilmaydi va u YPX xodimlari tomonidan elektron tekshiriladi.

Elektron ishonchnoma uchun davlat boji ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun belgilangan davlat bojiga (BHMning 3 baravari – 900 ming so‘mga) nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi:

🔹 bir oygacha bo‘lgan muddatga – 10 foiz (90 ming so‘m);
🔹 olti oygacha bo‘lgan muddatga – 50 foiz (450 ming so‘m);
🔹 uch yilgacha bo‘lgan muddatga – 100 foiz (900 ming so‘m).
Yuridik shaxslar haydovchilarining 2 yilda 1 marta majburiy malakasini oshirish talabi bekor qilindi.

2022 yil 1 sentyabrdan fuqarolar va yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega yuridik shaxslar o‘rtasidagi transport ijarasi shartnomalarini notarial tasdiqlash talab qilinmaydi.
Bunda mazkur shartnomalar soliq organlarida elektron hisobga olinadi.
2022 yil 1 sentyabrdan 2024 yil oxirigacha:
➖ 4 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega transportlarda yo‘lovchi tashish o‘zini o‘zi band qilish deb qaraladi va ushbu faoliyat litsenziya varaqasi asosida amalga oshiriladi;
➖ litsenziya varaqasi berishda avtomobilning ekspluatatsiya davriga qo‘yilgan talab bekor qilinadi.