Er - bebaho boylik, undan oqilona foydalanish har birimizning burchimiz
Viloyat Matbuot uyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda viloyat prokurorining o‘rinbosari Sirojiddin Usmonov hamda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Jahongir Zohidov farmondan ko‘zda tutilgan jihatlar, yer to‘g‘risida qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik haqida gapirdi.
- Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 2020 yil va joriy yilning o‘tgan davrida 3 311 holatda 2 166 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallangani aniqlangan, - dedi S.Usmonov. - Bugungi kunda 3075 holatda 2 198 gektar yer qaytarilishi ta’minlangan.
Fuqarolar tomonidan 8 300 holatda 1240 gektar yer maydonida noqonuniy qurilishlar qilinganligi aniqlanib, 1250 holatda 320 gektar noqonuniy qurilmalar buzdirilgan.
2081 gektar yerlarni qaytarish va noqonuniy qurilmalarni buzdirish haqida sudlarga 7944 ta da’vo arizalari kiritilgan.
Sudlar tomonidan 5162 ta (1571 gektar) da’vo arizalari qanoatlantirilib, majburiy ijro organlari tomonidan 1028 holatda 965 gektar noqonuniy qurilmalar buzdirilgan.
Yer maydonlarini talon-toroj qilish holatlari yuzasidan 80 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
134 ta noqonuniy hujjatlarga nisbatan protest keltirilgan, 41 ta taqdimnoma kiritilgan, 286 nafar mansabdor shaxslar qonunning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirilgan, 16 nafar shaxs intizomiy va 87 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari, viloyatda 127 holatda noqishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun ajratilgan 1753 gektar yer maydoniga 20 mlrd. so‘m nobudgarchilik o‘rni hisoblanib, 13 mlrd. so‘mi undirilgan, qolgan 12 holatda 7 mlrd. so‘mni undirish haqida sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.