Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibi qanday?

Joriy yilning 29 iyun kuni “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida” qonun qabul qilindi. Qonun bilan jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi, unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillari tartibga solinmoqda.

Hujjatda yer uchastkalarining kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga asos bo‘ladigan holatlarning ro‘yxati aniq qilib ko‘rsatilgan. Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Ozod Shodiqulov bilan bugungi suhbatimiz shu mavzuda.

— Qanday hollarda yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga olib qo‘yish mumkin?

— Yangi qabul qilingan qonunda bu borada aniq ma’lumotlar berilgan. Ya’ni, mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish, xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish, foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno), respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya ob’yektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yo‘l transporti ob’yektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik ob’yektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat ob’yektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish), tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining ob’yektlarni Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qurishga oid qismini bajarish shular jumlasidandir.

Shuningdek, davlat investitsiya dasturlarida ko‘rsatilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirishda ham bu amaliyot qo‘llaniladi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, yer uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish qat’iyan ta’qiqlangan.

— Mulkdorning qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlari va zararlarini kompensatsiya qilish haqida ham ma’lumot bersangiz?

— Qonunga asosan, yer uchastkasi olib qo‘yilishi munosabati bilan olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulkning bozor qiymati, olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati (bundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga bo‘lgan ijara huquqi mustasno), olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati, ko‘chish, shu jumladan boshqa ko‘chmas mulkni vaqtinchalik ijaraga olish bilan bog‘liq xarajatlar hamda yer uchastkasidan va unda joylashgan ko‘chmas mulkdan foydalanishdan olinishi mumkin bo‘lgan boy berilgan foyda va huquq egasining qonunchilikda yoki kelishuvda nazarda tutilgan boshqa xarajatlari va zararlari kompensatsiya qilinadi.

Agar yer uchastkasi olib qo‘yilganligi munosabati bilan huquq egasiga noqulayliklar keltirib chiqarilgan taqdirda kompensatsiya sifatida yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk bozor qiymatining 5 foizi miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiriladi. Qonunchilikka muvofiq, huquq egasiga tegishli bo‘lgan, olib qo‘yilgan yerda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylar (yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar), ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda boshqa binolar va inshootlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning bozor qiymati ham to‘liq hajmda qoplanishi mumkin.

— Aytaylik, bir uyda uzoq yillardan buyon uzluksiz ijara asosida yashab kelayotgan shaxs ushbu turar joy uchun soliqlarni to‘lab kelmoqda. Ushbu uy ham “snos”ga tushadigan bo‘lsa ijarachi fuqaro ham qandaydir huquqlarga ega bo‘ladimi?

— Albatta. Turar joyga nisbatan huquqni belgilovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan, ushbu turar joyga 15 yil mobaynida xuddi o‘z mulkidek halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxslarga, ushbu ko‘chmas mulk ob’yektlari uchun soliqlar to‘lab kelinganligi tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko‘chmas mulk ob’yektlari qiymatining o‘rni qoplanadi. Bilamizki, ushbu 15 yil qonunchilikka ko‘ra, egalik qilish huquqini yuzaga keltiruvchi muddat hisoblanadi.

— Kompensatsiya to‘langan mulkni qachon bo‘shatish kerak?

— Mazkur masala qonunning 22-moddasida aniq o‘z ifodasini topgan bo‘lib, kompensatsiyaning turlari, miqdori va uni berish muddati, shuningdek kompensatsiya to‘liq hajmda berilganidan keyin ko‘chmas mulk ob’yektini bo‘shatish muddati kelishuvda nazarda tutiladi. Bunda ko‘chmas mulk ob’yektini bo‘shatish muddati kompensatsiya to‘liq hajmda berilgan kundan e’tiboran hisoblanadi va olti oydan oshmasligi kerak.

— Agar huquq egasi kelishuvdan keyin vafot etsa-chi?

— Huquq egasi kelishuv tuzilganidan keyin vafot etgan taqdirda, kelishuv bo‘yicha huquq va majburiyatlar uning merosxo‘rlariga merosdagi o‘z ulushlariga mutanosib ravishda o‘tadi. Huquq egasi kelishuv tuzilguniga qadar vafot etgan taqdirda, kelishuv tuzish bilan bog‘liq muzokaralar uning merosxo‘rlari bilan umumiy asoslarda o‘tkaziladi. Merosxo‘rlarning tarkibi va ulardan har birining merosdagi ulushi merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma asosida, nizo yuzaga kelgan taqdirda esa sud tomonidan belgilanadi.

Buzib tashlanadigan ko‘chmas mulk ob’yektini sotib olgan shaxs kelishuvdan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlar bo‘yicha avvalgi huquq egasining huquqiy vorisi bo‘ladi. Kompensatsiya to‘liq hajmda berilganidan keyin olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanadi.

— Beriladigan kompensatsiya turlari va manbalariga ham to‘xtalsangiz?

— Shuni alohida ta’kidlash kerakki, pul mablag‘lari, shu jumladan turar joylarni va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarni vaqtinchalik ijaraga olish uchun pul mablag‘lari, boshqa ko‘chmas mulk ob’yektini mulk qilib berish hamda kelishuvda nazarda tutilgan boshqa manbaalar kompensatsiya turlariga kiradi. Bundan tashqari, taraflarning kelishuviga ko‘ra huquq egasiga ko‘chmas mulk ob’yektlarining baholash qiymati hisobga olingan holda kompensatsiyaning bir necha turlari berilishi mumkin.

— Bilishimcha, yangi qonunda bir mahalla yoki bir ko‘chada turuvchilar uchun ham ma’lum imtiyozlar belgilangan ekan?

— Yangi qonunda bitta mahallada yoki bitta ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolariga qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek madaniy qadriyatlarni saqlab qolish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni, bitta ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolarining xohishiga ko‘ra ularga bitta mahallada yoki ko‘chada joylashgan yangi uylar, ya’ni bitta ko‘p kvartirali uydagi kvartiralar berilishi mumkin.

— Mulk egasi o‘zi yashab turgan hududdan emas, boshqa tuman yoki shaharda joylashgan turar joydagi kvartiralardan ham tanlash huquqiga egami?

— Ko‘p kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi olib qo‘yilganda taraflarning kelishuviga ko‘ra huquq egasiga, qoida tariqasida, o‘sha tuman yo shaharda yoki huquq egasining tanloviga ko‘ra boshqa tuman yoki shaharda joylashgan, maydoni uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan, avvalgisiga teng qiymatli turar joy (kvartira) mulk qilib berilishi mumkin. Huquq egasining xohishiga ko‘ra turar joy olib qo‘yilgan yer uchastkasida qurilayotgan ko‘p kvartirali uydan ham berilishi mumkin. Bunday holda huquq egasiga ushbu turar joy topshiriladigan paytga qadar unga va uning oila a’zolariga tashabbuskorning mablag‘lari hisobidan boshqa barcha qulayliklari bo‘lgan turar joy vaqtinchalik ijaraga beriladi.

Yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’yekt joylashgan, yakka tartibdagi shu jumladan qurilishi tugallanmagan, lekin belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan uy joylashgan yer uchastkalari olib qo‘yilganda ham shunday tartib qo‘llaniladi. Yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’yekt olib qo‘yilgan yer uchastkasida qurilayotgan ob’yektdan berilgan taqdirda, ushbu yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’yekt topshiriladigan paytga qadar tashabbuskorning mablag‘lari hisobidan huquq egasiga yashash uchun mo‘ljallanmagan ob’yekt vaqtinchalik ijaraga beriladi.

Huquq egasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtinchalik) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkasi olib qo‘yilganda huquq egasiga ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatiga teng miqdorda pul mablag‘lari to‘lanadi.

— Ko‘pchilikni qiziqtirgan savol. Olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan turar joyda ro‘yxatda turganlar soni qanday hollarda hisobga olinmaydi?

— Agar olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan turar joyning o‘rniga kompensatsiya sifatida boshqa turar joy berilsa, uy-joyning ijtimoiy normasini hisoblashda olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan turar joyda yer uchastkasini olib qo‘yish tartib-taomili boshlanguniga qadar ro‘yxatdan o‘tkazilgan va haqiqatda yashayotgan shaxslar soni inobatga olinadi. Lekin amalda yashab turgan shaxslar sonining er-xotin nikoh tuzganida, farzand tug‘ilishi, ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning tarbiyalash uchun oilaga — farzandlikka, vasiylikka, homiylikka yoki tutingan oilaga berilishi hisobidan oshishi hollari bundan mustasno hisoblanadi.

Mansur HASANOV suhbatlashdi.