Yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquq tartiblari belgilanmoqda

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish masalalariga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilinib, ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.
 
Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan mazkur qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan qonun loyihasida yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish tartibi belgilanmoqda.  

Shuningdek, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini berish asoslari, ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasini xususiylashtirish tartiblari nazarda tutilmoqda.  

Ishchi guruh yig‘ilishida deputatlar bergan takliflardan kelib chiqib, qonun loyihasidagi ayrim normalar tahrirlandi va to‘ldirildi, ayrimlariga aniqlik kiritildi. Shuningdek, havolaki normalar loyihadan chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi.  

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk ob’yektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtirilishi uchun huquqiy asos yaratilishiga xizmat qiladi.  

M.Komilova