Yerlarning iqtisodiy qiymati belgilanib, erkin muomalaga chiqariladi
Bu amaliyot davlatimiz rahbarining 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan joriy qilinmoqda.
Farmonga ko‘ra, yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy muomalasining ob’yekti sifatida erkin muomalaga kiritiladi.
Ya’ni, 2021 yil 1 avgustdan hokimliklarning yerga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:
- yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish;
- tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish;
- sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish;
- jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish;
- xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash;
- qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar.
Davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 avgustdan yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida (elektron onlayn-auksion orqali), davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi. Bunda ilgari ajratilgan yer uchastlariga bo‘lgan huquqlar saqlanib qoladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov orqali faqat ijara huquqi asosida, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida (barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan) ajratiladi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi. Ushbu yerlar xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin.
Ko‘p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi mulkdorlarga umumiy foydalanish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 1 avgustdan faqat quyidagi hollarda yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishga haqli:
- davlat ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga – Qishloq xo‘jaligi vazirligining taklifiga asosan;
- agrosanoat klasterlariga – yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablag‘i depozitga qo‘yilganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
- eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun – loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablag‘ avvaldan maxsus hisob raqamga joylashtirilganda;
- chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga – ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq to‘lagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari).
Farmonga asosan “Yer to‘g‘risida”gi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar (ishchi organ – prokuratura) tashkil etildi.
Kadastr organlari yerdan maqsadsiz foydalanishni aniqlaganda ushbu yerga bo‘lgan huquqni bekor qilish, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, yer toifasidan qat’iy nazar barcha turdagi yer uchastkalari hamda bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni hamda yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va chora ko‘rishning huquqiy va shaffof mexanizmining yaratilishi yerdan oqilona foydalanish imkoniyatini yaratib beradi.
Bahodir Qarshiyev,
viloyat hokimligi yuridik xizmat bosh yuriskonsulti.