Er sotishning uvoli yomon
O‘tgan haftada ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan Samarqand viloyatida ayrim o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining yer sotish bilan bog‘liq jinoyatlarga aloqadorligi haqidagi axborotga aholi tomonidan juda ko‘p munosabatlar bildirildi. 28 may kuni davlat rahbari ham bunday ahvol olib borilayotgan islohotlarimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
Shu sababli Samarqand tumani hokimligida bo‘lgan yig‘ilishda viloyat hokimi E.Turdimov bunday noxush holatga siyosiy va ijtimoiy baho berdi.
- Rahbarning nopokligi, avvalo, uning o‘zi va oilasi sha’niga putur yetkazadi, qolaversa, bu ish odamlarning noroziligiga sabab bo‘ladi, - dedi viloyat hokimi. -
Yomoni shundaki, bunday ko‘rinishlarga qarshi tuman ziyolilari, deputatlar jiddiy munosabat bildirmayapti. Vaholanki, keyingi yillarda tumanda yer sotish bilan bog‘liq o‘nlab jinoyatlar, qonunbuzarliklar aniqlangan. Mahalla oqsoqoli ham, uchastka noziri ham, yerga mas’ul inspeksiyalar ham ko‘z o‘ngida bo‘layotgan voqealarga befarq qarashgan.
- Biz muhokama qilayotgan, hozirda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan fermer xo‘jaligi boshlig‘i bir oy oldin tumanda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda halollik haqida barchaga «saboq» bergan, - deydi viloyat prokurori R.Masharipov. – Tuman kengashi deputati endi o‘zi aql o‘rgatgan hamkasblari, safdoshlari, bola-chaqasi yuziga qanday qaraydi? U o‘z fermer xo‘jaligiga qarashli yerni 28 ming AQSh dollari evaziga boshqa shaxsga sotmoqchi bo‘lganda qo‘lga olindi.
Yig‘ilishda komissiya a’zolari, tuman jamoatchiligi vakillari ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, hokimlik, ma’muriy idoralar mutasaddilari, mahalla oqsoqollari, deputatlar noqonuniy qurilishlar, yerdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish holatlariga o‘z vaqtida chora ko‘rmagan, e’tiroz bildirmagan. Bugungi kunda ham issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yer maydoni olib, uni biroz muddatdan so‘ng uy-joy qurish yoki boshqa maqsadda sotib yuborish holatlari mavjud. Kanal va soy bo‘ylarida baliqchilik xo‘jaliklari tashkil qilgan ayrim shaxslar suv yo‘llaridan shag‘al olib, baliqchilik xo‘jaligini mutlaqo yuritmagan. Sohaga oid nazorat inspeksiyalari vakillari esa tomoshabin vazifasini o‘tashyapti.
Yig‘ilishda tuman hokimligi, sektorlar, tashkilotlar rahbarlariga, deputatlarga jiddiy e’tiroz bildirildi. Ayniqsa, fermer xo‘jaliklari qat’iy ogohlantirildi: endi o‘z hududidagi yerdan boshqa maqsadda foydalanganlik uchun ular shaxsan javob beradilar.
Yig‘ilish so‘ngida yakdil xulosaga kelindi: poraxo‘rlik, korrupsiya mamlakatimizda olib borilayotgan shiddatli islohotlarga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Unga qarshi kurashmaslikning o‘zi ham jinoyat. Qolaversa, yer sotishning uvoli yomon.
Farmon Toshev.