Yer — talash, "arosat"da qolgan daraxtlar esa quriyapti
Keyingi kunlarda havo harorati keskin ko‘tarilib ketdi. Buni qarangki, biror bog‘liqlik joyi bo‘lmasa-da, Qo‘shrabotdagi bir parcha yer mojarosining darajasi ham havo haroratidan sira qolishmayapti.
Gap shundaki, tuman tibbiyot birlashmasining Zarkent mahallasidagi 43-son oilaviy poliklinikasiga tegishli yer uchastkasining 0,35 gektarlik qismiga bir yo‘la uch tadbirkor da’vogarlik qilmoqda.
Bahsli maydonda dastlab, dorixona qurish uchun viloyatda uyushtirilgan auksion savdoda 2018 yil 3 avgust kuni g‘oliblikni qo‘lga kiritgan X.Ibragimov paydo bo‘ldi. Uning ortidan, yarim oy o‘tar-o‘tmas, o‘sha yerda bolalar bog‘chasi qurish maqsadida tadbirkor Turg‘unboy Ismatov tuman hokimining 2018 yil 17 avgustdagi bolalar bog‘chasi qurish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qarorini ko‘tarib keldi. Oradan ko‘p o‘tmay yana bir tadbirkor – Jamila Shosimova o‘sha yerda davlat-xususiy sheriklik asosida korxona qurish uchun ruxsat olish maqsadida idorama-idora yurganligi ma’lum bo‘ldi. Xullas, uch tadbirkor o‘rtasidagi bahs, mojaro qizigandan-qizidi. Kim haq, kim nohaq ajratish mahol.
Joriy yilning iyun oyi boshida T.Ismatovning qo‘li sal baland keldi shekilli, yer uchastkasi atrofini tunuka devor bilan o‘rab, eski imoratni buzishga kirishdi. Boshqalar ham jim turishmadi: hokimiyat, prokuratura va turli idoralarga arz qilishib, boshlangan sa’y-harakatlar to‘xtatildi.
Tadbirkorlar o‘rtasidagi nizoli bahs qachon o‘z yechimini topishi bizga noma’lum. Biz masalaning tezroq va adolatli hal bo‘lishi tarafdorimiz, xolos. Lekin bu yerda bizni boshqa muammo o‘ylantirmoqda. Oilaviy shifoxonaga tegishli bo‘lgan sobiq maydonda jamoaning ko‘p yillik mehnati bilan parvarishlangan, voyaga yetkazilgan ko‘plab daraxt va butalar bor, ularning taqdiri nima bo‘ladi?
- O‘sha yerda 40 tup yirik, 70 tup mayda daraxt, 70 tup archa bor, - deydi shifoxona xo‘jalik mudiri Shuhrat Quvondiqov. - Atrofi o‘ralgach, daraxtlar o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Hech kim qaramaydi, sug‘ormaydi, ayniqsa hozirgi jazirama kunlarda daraxt va nihollar juda chanqab qoldi. Hatto ayrimlari quriy boshladi. Bugun tezda sug‘orilmasa, ularning hammasi nobud bo‘lishi mumkin.
Bu, albatta, tashvishli holat. Talabgorlar yer ilinjida yurishibdi-yu, lekin o‘sha yerdagi yashil boylikni saqlab qolish to‘g‘risida zarracha bosh qotirishmayapti. Ba’zida bitta daraxt yoki nihol uchun bong uramiz, aybdorlarni jazolashga da’vat etamiz. Bu yerda esa yuzlab daraxt va nihollar sansalorlik qurboni bo‘lmoqda. Bunga ekologiya va tabiatni muhofaza qilish organlari qanday izoh berishar ekan?
Bobo Saroiy, jurnalist.