Yer yuzi aholisi 2 mlrd.ga yetishi uchun 10 ming yil zarur bo‘ldi, 8 mlrd.ga yetishi uchun esa salkam 100 yil kifoya qildi
Sayyoramiz aholisi soni tez sur’atda o‘sib bormoqda. Tez orada aholiga resurslar yetishmovchiligi tahdid solishi ehtimoldan xoli emas.
1804 yilda Yer yuzi aholisi atigi 1 milliard edi. 1960 yilga kelib 3 milliardga yetdi. 2022 yilda esa 8 milliardni tashkil qildi.
Insoniyat tarixida aholi soni bunday tez ko‘payishi kuzatilmagan. Demograflarning hisobicha, 10 ming yil avval sayyoramizda 5 million aholi yashagan. 1930 yilda Yer yuzi aholisi 2 mlrd.ga yetishi uchun 10 ming yil zarur bo‘ldi. Aholi soni to‘rt marta ko‘payishi – 8 mlrd.ga yetishi uchun esa 100 yildan kamroq vaqt kifoya qildi. Hozirda aholi soni bo‘yicha Xitoy birinchi, Hindiston ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Noyob topilma
Gruziyaning Borjomi darasida arxeologlar shov-shuvli topilmaga ega bo‘lishdi. Ular chinakam ulkan odamlarga tegishli inson suyaklarini aniqladilar.
Topilma yoshi taxminan 24-25 ming yil deb belgilandi. Uning kattaligi hammasidan ham hayratli. Bosh chanog‘i, boldir suyagi kattaligiga qaraganda inson bo‘yi uch metr bo‘lgan.
Qizig‘i shundaki, ilgari ushbu hududda ulkan odamlar yashagani qadimiy manbalarda eslatilgan, faqat buni isbotlovchi dalillar bo‘lmagan.
Darvoqe, pahlavon odamlar qoldiqlari aniqlanishi bilan birga ular yashagan joy ham topildi.
Ommaviy qirg‘in sababi
Tadqiqotchilar fanga ma’lum bo‘lgan ommaviy qirg‘in sabablarini aniqladilar. 550 million yil avval birinchi navbatda yirik tirik jonivorlar havo yetishmasligidan bo‘g‘ilib, qirilgan. Ya’ni, sayyoramizda to‘satdan kislorod yetishmovchiligi ro‘y bergan. Xo‘sh, kutilmaganda kislorod nega yo‘qolgan?
“Bu ehtimol asteroidlarni Yer bilan to‘qnashishi, vulqonlar otilishi, tektonik yoriqlar hosil bo‘lishi oqibatida sodir bo‘lgan”, deydi olimlar. Oqibatda mayda jonivorlargina yashab qolgan.
T.Shomurodov tayyorladi.