Er yuzidagi ilm-fan tushuntirib bera olmaydigan g‘aroyib joylar
Dunyodagi eng sirli g‘orda kim yashaydi? Nega bir qishloqda hamma uyqu kasalligiga chalingan? Bir daraxt boshqa daraxt ichidan o‘sib chiqishi mumkinmi? Suvi qaynab turadigan daryo qayerda joylashgan?
Ehtimol, odamlar dunyoning yetti mo‘’jizasi ro‘yxatini juda erta tuzgandirlar, chunki arxitekturaning bu buyuk tuzilmalaridan tashqari Yerda boshqa ajablanarli maskanlar juda ko‘p.
“Kalachi” uyquchilar qishlog‘i
Qozog‘istonning Kalachi qishlog‘i aholisi yaqinda juda g‘alati epidemiyaga duchor bo‘ldi: bu yerdagi aholi oddiygina yo‘l bo‘ylab sayr qilayotib yoki mashinada ketayotib uxlab qolishi mumkin. Shu sababli bo‘lsa kerak ular xotira zaiflashi, charchoq va gallyusinatsiyalardan aziyat chekadi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, bu hodisa barcha yoshdagi erkaklar va ayollarga bir xil ta’sir qiladi. Olimlar hodisaning aniq sababini aniqlay olmayotganligi sabab hukumat aholiga boshqa joyga ko‘chib o‘tishlarini tavsiya qildi.
Bir nazariyaga ko‘ra aholi radiatsiya zaharlanishidan aziyat chekmoqda. Qishloqdan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda uran koni bor, lekin aholining qon tekshiruvlarida radiatsiya izlari topilmagach, uning borligi istisno qilindi. Qizig‘i, konga yaqin bo‘lishiga qaramay qo‘shni qishloq aholisi uyquchilikdan aziyat chekmaydi.
Taos shovqini
Manbasini aniqlash imkoni bo‘lmagan past chastotali, g‘uvillab turadigan tovush kishini g‘azablantirishi yoki aqldan oldirishi mumkin. Ehtimol, bu shovqin hammaga tanishdir, masalan, u uzoqda ishlayotgan o‘roq mashinasi yoki manbasini topib yo‘q qilgunimizcha televizor tiniq eshitilishiga xalal beruvchi shovqinga o‘xshaydi.
AQShning Nyu-Meksiko shtatida joylashgan Taos qishlog‘i aholisining bu azoblarini tasavvur qila olasizmi? Axir ko‘p sonli aholi o‘tgan asrning 90-yillari boshlaridan buyon doimiy ravishda butun shahar bo‘ylab tarqalgan past chastotali shovqin eshitilishidan arz qilib kelmoqda. Olimlar 20 yildan ortiq vaqt davomida tovush manbasini aniqlashga harakat qiladi, afsuski, barcha urinishlar hech qanday natijaga olib kelmayapti.
Qaynoq daryo
Chuqur Amazoniya o‘rmonlarida uzunligi 6,4 kilometr bo‘lgan Shinay-Timpishka daryosi oqib o‘tadi. U yuqori haroratga ega, shu sababli unga tushgan har qanday hayvon tiriklayin pishadi.
Daryoning o‘rtacha harorati Selsiy bo‘yicha o‘rtacha 91 darajani tashkil qiladi. Olimlar garchi uning yaqinida vulqon kabi issiqlik manbalari bo‘lmasa-da, oddiy ko‘rinadigan daryo suvining harorati qanday qilib bu darajaga yetganlik sababini topa olishmadi. Shinay-Timpishkaga eng yaqin vulqon esa 7 ming kilometr uzoqlikda joylashgan.
Movile g‘ori
Ruminiyaning janubi-sharqida Qora dengiz qirg‘og‘idan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda yorug‘likdan mahrum Movile g‘ori bor. G‘orning atmosferasi yerdagidan tubdan farq qilishi sababli u 5 500 000 yil davomida tashqi dunyodan yashirib kelingan.
1986 yilda elektr stansiyasi qurilishi paytida topilgan g‘ordagi havo zaharli, hayot uchun xavfli va juda issiq. Havosi yer yuzidagiga qaraganda 1000 marta ko‘proq ifloslangan. Yashash uchun “anti-sharoitlar”iga qaramay, g‘orda hayotga moslashgan 33 turdagi organizmlar yashab keladi. Bu organizmlar nima bilan oziqlanib omon qolishi ham olimlarni o‘ylantirib qo‘ydi.
Kasorso qo‘shaloq daraxti
Italiyaning Pemont hududida boshqa qo‘shnilari kabi sog‘lom qo‘shaloq gilos daraxti bor. Yer yuzining turli qismlarida bu kabi hodisalar sodir bo‘ladi, masalan, Kasorso daraxtiga o‘xshab bitta daraxtdan boshqa parazit daraxt o‘sib chiqqan holatlar kuzatilgan.
Gap shundaki, bu holatda birinchi daraxt nimjon bo‘lib u qurib qolgan, ikkinchisi esa gullaydi va meva beradi. Bu hodisa sabablari ham hali aniqlanganicha yo‘q.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.