Yer yuzidagi muzliklar rekord darajada erimoqda

Olimlar guruhi so‘nggi o‘ttiz yil ichida sayyoramiz muz qatlamining rekord darajada erishini qayd etdi va buni «halokatli yo‘qotish» deya baholadi.

Britaniyalik tadqiqot guruhi 1994 dan 2017 gacha bo‘lgan davrda Yer muzlarining erish darajasi 65 foizga oshganligini aniqladi. Bu haqda SciTechDaily xabar berdi.

Shunday qilib, 23 yil ichida sayyora taxminan Buyuk Britaniyaning kattaligicha keladigan 100 metr qalinlikdagi muz qatlamiga teng bo‘lgan 28 trillion tonna muzni yo‘qotdi. Erish darajasi yiliga (1994 yilda) 0,8 trillion tonnadan 1,3 trillion tonnaga (2017 yilda) oshdi. Yo‘qotishlarning aksariyati Antarktida va Grenlandiya muz qatlamlari erishi natijasida yuzaga keldi. Muz erishining tezlashishi dunyo okeani sathini ko‘taradi va qirg‘oq bo‘yidagi shahar va ekotizimlarga halokatli toshqinlar bilan tahdidi soladi.

Olimlar sayyoraning turli nuqtalaridagi 215 ming tog‘ muzliklar, Grenlandiya va Antarktidaning qutbli muz qatlamlari, Antarktida va Shimoliy muz okeanlarida suzib yuruvchi dengiz muzlarini o‘rgandi. Tadqiqot xulosalari butun sayyora bo‘ylab muzlar yo‘q bo‘lishi darajasi ayanchli va tashvishli ekanligini ko‘rsatdi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, muzlar erishining 68 foizi atmosferaning va 32 foizi esa okeanlarning isishi natijasida yuzaga kelgan.

2020 yilda Jahon okeanining isishi rekord darajada bo‘ldi.

G.Xoldorova tayyorladi.