Antarktida muzlari rekord darajada erimoqda

Antarktida atrofidagi muz qoplamining maydoni 1,79 million kvadrat kilometr - 44 yillik sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlaridagi eng past ko‘rsatkichiga qisqardi, deya xabar beradi The Guardian.

Bu eng janubiy qit’a bilan chegaradosh muz qatlami 1,92 million kvadrat kilometr maydonni tashkil etgan 2022 yil 25 fevraldan beri uchinchi antirekorddir. 2023 yil 15 fevralda muz halqasi 1,91 million kvadrat kilometrgacha erigan bo‘lsa, 25 fevralga kelib 1,79 million kv.km.ga kamaygan.

Antarktida dengiz muzlik kamarining yupqalashi bo‘ronlarning muz tokchalariga ta’sirini kuchaytirmoqda, ularning erishi esa jahon dengizi sathining ko‘tarilishi bilan "tahdid" qilmoqda.

Ayniqsa, Amundsen dengizidagi “Qiyomat muzligi” nomi bilan tanilgan Tueyts muzligi tashvish uyg‘otadi – unda dunyo okeanlarini yarim metrga ko‘tarish uchun yetarli suv bor.

"Antarktida uzoqday tuyulishi mumkin, ammo u yerdagi o‘zgarishlar global iqlimga ta’sir qilishi mumkin va muz qatlamlarining erishi butun dunyodagi qirg‘oq jamiyatlariga ta’sir qiladi", deydi mutaxassislar.