Er yuzidagi odamlar yashaydigan xavfli joylar
Yer – bizning umumiy uyimiz. Uning har bir burchagi hayot uchun mos keladiganga o‘xshaydi. Biroq, biz o‘z o‘zimiz uchun yaratgan shinam uydan tashqarida, hayot uchun unchalik qulay bo‘lmagan joylar ham bor.
AdMe.ru sayti garchi xavfli ko‘rinsada, hali ham birovlar istiqomat qilib, u yerni o‘zining shinamgina oilaviy uyasiga aylantirib olgan bir necha ajoyib joyni to‘pladi.
Kastelfolit-de-la-Roka, Ispaniya
Kastelfolit-de-la-Roka – Ispaniyaning Jirona provinsiyasida joylashgan munitsipalitet. U ming yillar oldin qotib qolgan lavadan hosil bo‘lgan qoyada joylashgan.
Munitsipalitet joylashgan bazalt qoyasining uzunligi taxminan 1 kilometr, balandligi esa 50 metrga yaqin. 2010 yil holatiga u yerdagi qishloq aholisining soni 1048 kishini tashkil qilgan.
Syuankun-si osma monastiri, Xitoy
Bu ibodatxona majmuasi 491 yilda muqaddas Xenshan tog‘i yaqinidagi qoyada joylashtirilgan. U buddachi, daos va konfutsiyachilar mehroblarini birlashtiradi. Tik yonbag‘ir devor bo‘ylab ko‘plab xonalar bor, qoyaning o‘zidan binolarning orqa devori sifatida foydalaniladi. 1982 yildan boshlab majmua Xitoy Xalq Respublikasining milliy yodgorligi sifatida himoyaga olingan.
Lixtenshteyn qal’asi, Germaniya
1840-1842 yillarda qurilgan va bugungi kunda Urax gersoglariga tegishli bu afsonaviy qal’a 817 metr balandlikda joylashgan. Bu yerda tarixiy qurol va zirhlar to‘plami joylashgan bo‘lib, bu joy tashrif buyuruvchilar uchun doimo ochiq.
Meteora monastirlari, Gretsiya
Meteora monastirlari o‘sha paytdagi qaroqchilar bosqinidan xavfsizlik kafolati sifatida tik jarliklarida joylashtirilgan edi. Bu yerda butun tarix davomida 22 yoki 24 ta monastir qurilgan. Hozirda ko‘plari vayronaga aylangan va bugungi kunda atigi oltita – to‘rtta erkaklar va ikkita ayollar monastirlari saqlanib qolingan.
Kalapana, Gavayi
1986 yildagi vulqon otilishlaridan so‘ng lava bu joyni arvoh-shaharga aylantirdi. Shaharga kirish yo‘llari yopiq bo‘lishiga qaramay, u yerda hozir ham bir necha oila yashaydi. 2010 yil holatiga ko‘ra Kalapanada 35 ta uy bo‘lgan.
Daraxtlar uchidagi uylar, Indoneziya
Balandliklarda, ba’zan yerdan 50 metr tepalikdagi daraxt uylarni qurish bilan mashhur korovay qabilasi Indoneziyaning Papua viloyatining janubi-sharqiy qismida yashaydi. Qabila shu tarzda o‘zini suv toshqinlari va ayollar va bolalarni qullikka olib ketmoqchi bo‘lgan dushman qabilalarining hujumlaridan himoya qiladi.
Solve kulbasi, Shveysariya
Bu tog‘ kulbasi dengiz sathidan 4003 metr balandlikda joylashgan. Kulbada 10 ta yotoq va simsiz telefon o‘rnatilgan. Tog‘ sayyohlarining bu yerga faqat ob-havoning yomonlashuvi bilan bog‘liq holda to‘xtashi mumkinligini hisobga olib, bir necha kunga yetadigan aynib qolmaydigan oziq-ovqat zaxiralari ham jamlanib qo‘yilgan.
«Qulayotgan» binolar shahri, Santos, Braziliya
Bu qirg‘oq lanshaftidagi kamchiliklarni bir qarashda ko‘rish mumkin. Ushbu binolarning poydevorini qo‘yish paytida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Chuqurlik yetarli bo‘lmganligi sababli poydevorlar katta binolar uchun juda zaif bo‘lib chiqdi. Endi bu xatolarni tuzatish mushkul. Binolar «raqs» qilib turishiga qaramay, jasur ijarachilar hozir ham ularda yashab kelmoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.