Turdimov 2022 yildagi asosiy rejalarini ma’lum qildi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining elliginchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya videoselektor tarzida o‘tkazildi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov viloyatda 2021 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha murojaat qildi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tgan yildan buyon mamlakatimizda har bir hudud rahbari – hokimlar yakuniga yetayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yil rejalari yuzasidan xalqimizga murojaat qilmoqda, – dedi E.Turdimov. – Shu paytgacha viloyatimizning barcha tuman va shahar Kengashlari sessiyalarida hokimlar aholiga murojaat qildi. Bugun viloyat bo‘yicha ishlarimizni tahlil qilib, kelgusi yil rejalarimiz haqida xalqimizga ma’lumot bermoqchimiz. Bu xalqimiz oldidagi o‘ziga xos hisobotimiz, qolaversa, kelgusi yil rejalarimiz bilan o‘rtoqlashish, maslahatlashish tadbiridir.

Viloyat hokimi 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi va har bir soha bo‘yicha belgilangan rejalar va ularning ijrosiga to‘xtaldi. 2022 yil amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalar bilan tanishtirdi.

Sessiyadan so‘ng ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat hokimi E.Turdimov soha vakillarining savollariga batafsil javob berdi.