Erkinjon Turdimov: Hasan Norbekovich Normurodov oliy mukofotga munosib inson!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 28 avgustdagi “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini berish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra 3 nafar vatandoshimizga “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berildi.

Ushbu farmonga ko‘ra "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni bilan taqdirlangan "Nuroniy" jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Hasan Norbekovich Normurodovning xonadoniga Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va viloyat jamoatchiligi vakillari tashrif buyurishdi. Qahramonni davlatimizning oliy mukofoti bilan tabriklab, ezgu niyatlarini izhor etishdi.

Kechaning o‘zida Samarqand viloyati hokimi o‘zining veb-sayti facebook,  instagram, twitter,  ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida va telegram axborot kanalida “Hasan Normurodov oliy mukofotga munosib inson!” sarlavhasi ostida Hasan Normurodov hayoti va faoliyati, uning shonli yo‘li haqida keng ommaga ma’lumot berdi hamda Hasan Norbekovich Normurodovni davlatimizning oliy mukofoti bilan taqdirlanganligi bilan qutladi.

Samarqand viloyati hokimi o‘z sahifalarida quyidagilarni bildirib o‘tgan:

OLIY MUKOFOTGA MUNOSIB INSON

Hasan Normuradov haqida gap ketganda bevosita shu ibora yodga keladi.

Bu kishi ko‘p yillik samarali mehnati, jonkuyarligi va tashabbuskorligi bilan viloyat faollari, nuroniylar va aholi o‘rtasida hurmat qozongan.

Hasan Normurodovning har bir ishi ma’rifat, bosib o‘tgan yo‘li ibratli kitob, umr manzillari hayot maktabidir. Shunday ajoyib inson viloyat “Nuroniy” jamg‘armasini 2003 yildan buyon sabr va eng muhimi fidoyilik bilan boshqarib kelmoqda.

Kishi keksaygandan keyin aksariyat hollarda o‘z tinchini o‘ylaydi, turli yumushlarga, ayniqsa, qaltis masalalarga aralamashlikka harakat qiladi. Biroq Hasan Norbekovichda bunday odat, keksalikka bo‘yin egish kuzatilmaydi. Qayerda, qaysi davrada bo‘lmasin ochiq chehra bilan ishtirok etadi. Eng muhimi, katta hayot tajribasiga ega nuroniy sifatida o‘zining ochiq va ayni damda samimiy fikrlari, o‘rinli tavsiyalarini berib boradi.

H.Normurodovning bevosita rahbarligida joylarda faxriylar holidan xabar olish, ularga zarur moddiy, ma’naviy va tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, H.Norbekovichning sa’y-harakatlari bilan 2017 yilda keksa avlod vakillari uchun barcha shart-sharoitlarga ega zamonaviy va ko‘rkam 16 ta «Nuroniylar maskani» barpo etildi. Majmualardagi boy kitob fondiga ega kutubxona, dam olish xonalari, maxsus trenajyorlar bilan jihozlangan davolash-jismoniy tarbiya zallari, shaxmat, shashka o‘yingohlari nuroniylarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga xizmat qilmoqda.

H.Normurodovning jamiyat hayotidagi ishtiroki, ayniqsa, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga befarq bo‘lmaganligini yuksak qadrlaymiz. Zotan, bu inson bugun nafaqat o‘zining g‘ayrati-shijoati bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lmoqda. Shu bilan birga ko‘pni ko‘rgan nuroniylar tajribasidan unumli foydalanishni ham yo‘lga qo‘ygan.

Xususan, “Nuroniy” jamg‘armasi qoshida tajribali qishloq xo‘jaligi faxriylaridan tashkil etilgan «Madad» guruhi fermerlarga o‘z tavsiya va maslahatlarini berib kelmoqda. Shuningdek, «Faol faxriy ayollar» va «Yoshlar bilan ishlash» guruhlari aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, diniy ekstremizm g‘oyalariga qarshi kurash, oilalar tinchlik va totuvligini mustahkamlash, ijtimoiy muhitni yanada yaxshilash masalalariga hissa qo‘shmoqda.

H.Normuradov mehnat faoliyati davomida viloyatning turli boshqaruv idoralarida eng quyidan rahbarlik lavozimlariga bo‘lgan zahmatli yo‘lni bosib o‘tgan sanoqli faxriylardan biri. Shu ma’noda u kishining joylarda uchrashuv va tadbirlarda aytadigan so‘zining salmog‘i, samarasi bor.

Umuman, H.Normurodovdagi o‘zgalar taqdiriga befarq bo‘lmaslik, jamiyat hayotidagi muammolarni kuyunchalik bilan hal etishga intilishi, har bir vazifaga mas’uliyat bilan yondashishi ko‘plab yutuq va e’tiroflarga zamin bo‘lgani shubhasiz. Zero, H.Normurodov bugungacha “Mehnat shuhrati” (2008 y.), “El-yurt hurmati” (2012 y.) va “Do‘stlik” (2017 y.) ordenlari bilan mukofotlangan.

Bugun Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, davlatimizning oliy mukofoti – O‘zbekiston Qahramoni unvoni beriladigan bo‘ldi. Yuksak mukofot bilan muhtaram ustoz, viloyatimiz oqsoqlini qutlab, uzoq yillar jamiyat rivojida kamarbasta bo‘lib yurishlarini tilayman!