Yerlarni sug‘orishda yangicha tizim joriy etiladi
Prezidentimizning 2020 yil 10 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni bilan Osiyo taraqqiyot banki, Shveysariya hamkorlik va taraqqiyot agentligi kabi xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan konsepsiya asosida «Yo‘l xarita»si ham tasdiqlangan edi.
Ushbu "xarita"da sohada olib borilishi zarur bo‘lgan barcha yumushlar o‘z aksini topgan. Rost, ba’zi joylarda ekinlarni sug‘orishda foydalaniladigan suv sarfining ko‘pligi, ba’zi yerlarda suv ta’minoti darajasi pastligi, yerlarning sho‘rlanish darajasi ortib borayotgani, irrigatsiya tizimlarining eskirgani, nasos stansiyalarining aksariyati xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan. Yana, magistral va xo‘jaliklararo kanallar, sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti pastligi, suv xo‘jaligi uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larning asosiy qismi elektr energiyasi uchun sarflanishi, kam foizigina ta’mirlash-tiklash ishlariga yo‘naltirilishi soha rivojiga to‘g‘anoq bo‘layotgan edi. Suvchilarning o‘rtacha ish haqi 1,5 million so‘m atrofida ekanligi xodimlar qo‘nimsizligini keltirib chiqarardi.
Konsepsiya asosida ana shu magistral va xo‘jaliklararo kanallarda ta’mirlash va tiklash, rekonstruksiya ishlari tizimli tarzda olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Beton qoplamali kanallarning ulushi 46 foiz (13,1 ming kilometr)ga yetkaziladi. Shu bilan birga, 12,9 ming kilometr lotok tarmoqlari yangisiga almashtirilmoqda. Natijada sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,73 ga yetkazildi.
2022 yildan paxta va g‘alla yetishtirishda nasoslar iste’mol qilgan elektr energiya haqini Davlat budjetidan qoplash faqat suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarga tatbiq etilmoqda. 2023-2025 yillarda suv tejovchi texnologiyalarni nasoslar va quduqlarga bog‘langan ekin maydonlarida joriy qilish orqali ulardan foydalanishning iqtisodiy samaradorligi oshiriladi.
Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston suv tanqisligiga moyil bo‘lgan 25 davlatdan biri. 2030 yilga borib suvning umumiy taqchilligi 2,3 barobar oshishi kutilmoqda. Keyingi 10-15 yilda aholi jon boshiga suv ta’minoti deyarli ikki barobar qisqaradi. Lekin suvga bo‘lgan talab sanoat va energetika sohalarining suv iste’moliga talabi o‘sishi munosabati bilan 20 foizgacha oshadi.
Keltirilgan dalillardan ko‘rinib turibdiki, davlatimiz rahbarining farmoni o‘z vaqtida qabul qilingan.
Konsepsiya asosida 2020-2021 yillarda suv hisobini yuritish standartlashtirildi. Kelgusida hamda davlat suv kadastrini yuritish tizimi avtomatlashtiriladi. 2022 yilda suv resurslari hisobini yuritish va boshqarishning yaxlit tizimi yaratildi. Bu esa, 2023-2030 yillarda 100 ta yirik suv inshooti boshqaruvi avtomatlashtirilishiga, bugungi kunda barcha suv o‘lchash (18576 ) postlarida real vaqtda suvni nazorat qilish uchun «Aqlli suv» qurilmalari o‘rnatilayotganiga asos bo‘ldi. Sohaga to‘liq raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali respublikamizda suvdan foydalanish samaradorligi 25-35 foiz oshishiga olib keladi.
Sohaga davlat-xususiy sherikchilik va autsorsing tizimi joriy etilishi yutuqlarimizdan biri bo‘ldi.
Kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ilm-fan yutuqlari va nou-xaularni amaliyotga tatbiq etishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirishda bir qator chora-tadbirlar ham amalga oshirilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi, tog‘lardagi ko‘p yillik muzlarning erishi hisobiga suv zaxiralari kamayib bormoqda. Ana shunday sharoitda konsepsiyada belgilangan vazifalarning ijrosini to‘liq ta’minlash, eng avvalo, suvdan samarali foydalanish va suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishni kengaytirish hisobidangina suvga bo‘lgan tanqislikning oldini olish mumkin bo‘ladi.
Alisher Boysariyev,
Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i.