Erni "qutqarish" mumkin

O‘tgan yili o‘zim  ishlatmagandim, hosil ololmadim. Nahotki yerlar "nashavand" bo‘lib qolgan bo‘lsa". Shu suhbatdan keyin kuzatib ko‘rdim, dehqonchilik, ayniqsa, tomorqadan daromad olish rivojlangan hududlarda kimyoviy o‘g‘it qo‘shmasdan mahsulot yetishtiradigan dehqonni topish amrimahol ekan.

Eng katta muammomiz esa yerlar ham allaqachon tanishim aytganidek kimyoviy o‘g‘itlarga o‘rganib qolganida. Aslida bu muammo butun dunyoda mavjud bo‘lib, olimlar yil sayin kimyoviy preparatlardan biologik o‘g‘it va qo‘shimchalarga o‘tish ustida tajribalar o‘tkazmoqda. Jahon bozorida biologik mahsulotlarga talab ham oshib bormoqda.

Endilikda zararkunandalar turi ham ko‘payib ketdi. Birgina kartoshka yetishtirishda o‘g‘itlardan tashqari uch-to‘rt marta turli hasharotlar uchun ham kimyoviy dorilar ishlatishga to‘g‘ri keladi. O‘zim bir marta ana shu dorilarni himoya niqobisiz sepib, uch kun oshqozonim qaynab yurganman. Ammo noilojularsiz kartoshka zararkunandaga yem bo‘ladi.

Ana shu "noiloj" degan fikrim shu yil o‘zgardi. Bundan bir necha oy oldin viloyat hokimining qabulida Samarqand shahrida yashovchi tadbirkorlardan birining hokimga murojaatiga guvoh bo‘ldim. Tadbirkor Mehrojiddin Muxtorov viloyat rahbariga bioo‘g‘itlar ishlab chiqarish, biogaz uskunasi yasash, metan gaz ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi, ayni vaqtda ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish uchun joy muammo bo‘layotganini ma’lum qildi. Tadbirkorning ushbu faoliyati viloyat hokimiga ham ma’qul kelib, tezda muammoni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga topshiriq berdi.

Shu kuni tadbirkor bilan suhbatlashib bildikki, hyech qanday kimyoviy qo‘shimchalarsiz ham yerni tiklash, yuqori hosildorlikka erishish mumkin ekan. Oradan bir necha hafta o‘tib, batafsil suhbatlashish uchun yana Mehrojiddin Muxtorov bilan uchrashdik.

Samarqand shahridagi "Agro BIO SMES SERVIS" MChJ korxonasi rahbari Mehrojiddin Muxtorov dunyo miqyosida meva va sabzavotlarni yetishtirishda, zararkunandalarga qarshi kurashishda kimyoviy preparatlardan foydalanilayotganligidan tashvishda. Chunki kimyoviy usullarda parvarishlangan maqsulotlar inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois u bir necha yildan buyon biologik o‘g‘it va preparatlarni kashf qilish ustida izlanadi.

Men o‘zim ham butun dunyoda qishloq xo‘jaligida haddan tashqari kimyoviy o‘g‘itlar ishlatilishidan tashvishdaman, – deydi M.Muxtorov. – Bu preparatlar bir tomondan o‘simliklarga foyda bersa, ikkinchi tomonlama zarar keltiradi. Hatto zararkunandalarga qarshi ishlatilgan taqdirda ham toksinlar ma’lum miqdorda o‘simlikka singib ketadi. Bu esa oxir-oqibat kishi salomatligiga ta’sir o‘tkazadi. Biz ixtiro qilgan o‘g‘it dehqonchilik, bog‘dorchilik ekinlarini o‘stirishda, ekologik toza, zararsiz mahsulot yetishtirishda qo‘llaniladi. Mazkur o‘g‘it yerlarga ishlov berishda, "ISO" (ohak, oltingugurt qaynatmasi) preparati esa zararkunandalarga qarshi kurashishda qo‘l keladi. Biz preparatlarimizni o‘simliklarda uchraydigan o‘rgamchakkana va zang kasalliklariga qarshi qo‘llaganimizda ijobiy natijalar bermoqda.

Bugun Samarqand shahrining maftunkorligini har qadamda yashnab turgan yashil maysazorlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bilsak, shahardagi aksariyat yashil maydonlar aynan M.Muxtorov ixtiro qilgan tabiiy bioo‘g‘itlar bilan oziqlantirilarkan.

Avval ushbu maysazorlarni bioo‘g‘it bilan sinov tariqasida oziqlantirdik, – deydi Samar­qand shahar obodonlashtirish bosh­qarmasi bosh agronomi Ad­ham Xoliqov. – Sarg‘ayib, kuchsizlanib qolgan maysalar qisqa vaqt ichida yashnay boshladi. Shundan so‘ng tadbirkor bilan shartnoma imzoladik. Asosiy maydonlarimizga hozirda aynan M.Muxtorov ishlab chiqarayotgan bioo‘g‘itlardan foydalaniladi. O‘g‘it daraxtlarga ishlov berishda ham yaxshi samara berishini kuzatdik. Kuz va bahor oylarida barcha manzarali daraxtlarga ham ishlov berishga kelishib oldik.

Tadbirkor bioo‘g‘it tayyorlashda asosan turli organik chiqindilar, chorva go‘ngidan foydalanadi. Yana bir yaxshi tomoni shundaki, tabiat uchun eng zararli bo‘lgan chinor xazoni ham ishlati­ladi. Natijada atmosferaga turli zararli gazlar chiqarishning oldi olinadi. Yanayam yaxshi tomoni bioo‘g‘it tayyorlash jarayonida metan gazi ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda Mehrojiddin akaning o‘g‘li Sirojiddin Toshkent davlat agrar universitetida faoliyat yuritmoqda. U qishloq xo‘jaligida biologik o‘g‘itlardan foydalanish samaradorligini oshirish yo‘lida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Anvar MUSTAFOQULOV.