Eron politsiyasi hijob kiyishni kuzatuv kameralari orqali kuzatib borishni rejalashtirmoqda

Eron politsiyasi ayollarning hijob kiyishini kuzatish uchun eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni rejalashtirmoqda. The Guardian nashrining yozishicha, mamlakat aholisi aqlli kameralar yordamida nazorat qilinadi, islomiy kiyinish qoidalarini buzganlar jarimaga tortiladi.

Ma’lum qilinishicha, politsiya fotodalil va qoidabuzarlik uchun jazo choralari haqida ogohlantirish yuboradi.

Eron politsiyasi jamoat joylariga hijobsiz chiqqan ayollarga birinchi navbatda ogohlantirish berilishini aytdi. Agar bu yana takrorlansa, ular sudga tortilishi mumkin.

Agar hijobsiz ayol mashinada yursa, transport vositasining egasi ogohlantirish oladi. Agar qoidabuzarlik takrorlangan bo‘lsa, avtomobil musodara qilinishi mumkin.

Majburiy kiyim-kechak talablariga rozi bo‘lmagan eronlik ayollar soni mamlakatda keng ko‘lamli norozilik namoyishlaridan so‘ng ortdi.

Eronda 2022 yil kuzida hijobni noto‘g‘ri kiygani uchun Tehrondagi metro bekatida Mahsa Aminiy ismli ayol axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingandan bir necha kun o‘tib vafot etgach, ommaviy aksiyalar avj oldi.