Eronda koronavirus tufayli yangi cheklovlar joriy etiladi
Eron hukumati 21 noyabrdan boshlab COVID-19 sababli yangi cheklovlar joriy etadi. Ular epidemiya tugaguniga qadar amal qiladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining shaharlarda yig‘ilishi, shuningdek, harakatlanishini minimallashtirish zarur.
“Afsuski, biz ayni vaqtda cheklovlar sonini ko‘paytirishga majbur bo‘ladigan sharoitdamiz. Kelgusi haftaning shanba kunidan, ya’ni 21 noyabrdan e’tiboran nafaqat bitta viloyat, balki butun mamlakatni qamrab oladigan loyiha amalda qo‘llanila boshlaydi”, dedi prezident koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yirik reja bo‘lib, uning asosiy qoidalari koronavirus tugaguniga qadar, har bir shaharning xususiyatlari va sharoitlariga mos ravishda ishlaydi.
O‘z navbatida, koronavirusga qarshi kurash shtabi vakili Alirizo Raisiy reja tafsilotlari haqida televideniye efirida so‘zlab, cheklovlar har bir joyga nisbatan belgilangan kasallik darajasi bilan qizil, to‘q sariq yoki sariq toifalariga bo‘linishini ma’lum qildi.