Ertak terapiyasi yoxud haydovchi so‘kinmaslikka va’da berdi
To‘g‘risi, ayrim maktablarda amaliyotchi psixologlar faoliyati deyarli sezilmaydi. Ammo ba’zi ta’lim muassasalarida ularning ishini nafaqat o‘qituvchi va o‘quvchilar, balki ota-onalar, hatto mahalla-ko‘y ham yaxshi baholaydi.
Yaqinda ish yuzasidan Ishtixon tumanidagi 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldik. Bu yerda darsdan keyingi to‘garak mashg‘ulotlari faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bir sinfxonada maktab psixologi 20 nafarga yaqin bola bilan shug‘ullanayotganiga guvoh bo‘ldik.
- Shu sinf o‘quvchilarining har biri nimaga qiziqishini yaxshi bilaman, - deydi psixolog Mohira Yorqulova. - Bu ular o‘rtasida o‘tkazgan psixologik test va treninglar natijasida aniqlangan. Bugun o‘quvchilar bilan “ota-onamga mehrim bo‘lakcha” “chelenj”ini o‘tkazyapman.
M.Yorqulova yosh, shu bilan birga, o‘z kasbiga mehr qo‘ygan psixolog. U bolalar o‘rtasida “ertak terapiyasi”ni o‘tkazib, ularning qaysi fanlarga ko‘proq qiziqishini, darslarda tengdoshlaridan ortda qolayotgan bo‘lsa, buning sababi nima ekanini tezroq o‘rganishga va bu muammoni vaqtida bartaraf etishga harakat qiladi.
- “Ertak terapiyasi” orqali darsga qiziqishi bo‘lmagan bolajonlar bilan ko‘proq shug‘ullanaman, - deydi u. - Masalan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan biri yaxshi o‘qiydigan, xotirasi ancha kuchli bo‘lgan bir bolaning keyingi paytda darsga qiziqishi so‘nib borayotgani, berilgan vazifalarni avvalgiga qaraganda sust bajarayotgani haqida gapirib qoldi. Bolani xonamga chaqirib, “Oltin baliqcha” ertagini aytib berdim va unga “Agar sen oltin baliqcha tutib olganingda nimani so‘rarding?”, deb savol berdim. U esa yig‘lamsirab, biroz jim turdi-da, bu ertak ekanligini, uni maktab yoshigacha buvisidan ko‘p bor eshitganini aytdi. Uning janjallashib qolgan dadasi va ayasi yarashishini so‘rashini va bu ishni ertakdagi baliq uddalay olmasligini aytdi. Keyin uning ota-onasini chaqirib, bo‘lgan voqeani aytib berdim. Ham bir oilaviy ajrimning oldi olindi, ham bolaning o‘qishga qiziqishi ortdi.
Psixolog Mohira Yorqulova o‘quvchilar bilan birga nafaqat maktabda, balki mahallada ham turli aksiyalar tashkil etadi. Yaqinda “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” aksiyasi doirasidagi tadbirlarga ota-onalarni, mahalladagi uyushmagan yoshlarni, shaharcha avtoboshbekatidagi yo‘lovchi tashuvchi transport haydovchilarini jalb qildi.
- Ularga maktabimiz o‘quvchilari “beyjik”lar tarqatdi, - deydi M.Yorqulova. – Va ular aksiyamiz ishtirokchisiga aylandi. Har bir qatnashchiga zo‘ravonlikning kelib chiqishi va uning salbiy oqibatlarini sodda qilib tushuntirib berdik. Ko‘pchilik yomon odatlari borligini va ulardan voz kechishi kerakligini aytdi. Masalan, bir haydovchi taksichilik qilish jarayonida sheriklari bilan odam talashib, qo‘pol so‘zlar bilan so‘kinishini, bu atrofdagilarga yomon ta’sir o‘tkazishi mumkinligini his qilganini, endi bunday holatlar takrorlanmasligini va’da berdi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).