Erto‘la va “garaj”da jon saqlayotgan maishiy xizmat

Tasavvur qiling, Samarqand shahriga kelgan sayyohlardan birining qimmatbaho qo‘l soati buzilib qoldi yoki kimdir shunchaki sochini turmaklamoqchi. Xo‘sh, ular kimga yoki qayerga murojaat qiladi? Qimmatbaho soatni ta’mirlash vaqtida sifati buzilmasligi yoki soch turmagi mehmonga yoqishiga kafolat beradigan, lozim bo‘lsa, joyiga chiqib xizmat ko‘rsatadigan professional maishiy xizmatimiz bormi? Biz-ku o‘rganib qolgandirmiz, ammo ovloqdagi “bo‘tka”ga uncha-muncha sayyoh yurak yutib bormasligi aniq.

Turizmning og‘riqli nuqtasi

Ayni savollar bilan bir nechta nomi “ulug‘” mehmonxonalarga murojaat qildik. Biri bu borada mehmonlarga yordam bera olmasligini aytsa, boshqalari ularga xizmat ko‘rsatish uchun o‘z tanishlarini chaqirishini ma’lum qildi. Ya’ni, sayyohlarga hech qanday shartnoma va kafolatlarsiz, shunchaki, ishonch asosidagi og‘zaki kelishuv bo‘yicha maishiy xizmat ko‘rsatiladi. Agar o‘sha “tanish” mehmonning bir necha ming dollarlik buyumini buzib qo‘ysa-chi?..

- 5 yildan beri mehmonxona biznesidamiz, hali bunaqa savolni eshitmagan edik, - deydi Samarqand shahridagi mehmonxonalardan birining ish yurituvchisi. – To‘g‘ri, mijozlarimiz tez-tez u yoki bu xizmatdan foydalanish istagini bildiradi. Biz ularga imkon qadar shunday xizmatlar ko‘rsatiladigan manzillarni aniqlab beramiz. Lekin bu borada ishonchli tizim yo‘q. Ko‘chada ko‘rsatilgan xizmatning sifatidan nolib kelgan mehmonlar ham bo‘ladi. Aytish mumkinki, Samarqanddagi turizmning eng og‘riqli nuqtasi aynan maishiy xizmat sohasi hisoblanadi.

Mavzu bo‘yicha ma’lumot to‘plashga harakat qildik. Soliq boshqarmasi o‘zini o‘zi band qilganlar statistikasidan boshqa ma’lumotni bera olmadi. Viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasining asosiy vazifasi esa aholini ish bilan ta’minlash. Ular uchun qancha ish o‘rni yaratilgani muhim, sifat emas. Oxirgi umid - viloyat turizm boshqarmasi ham bu yo‘nalishda ma’lumot bera olmadi. "Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqanddagi sammiti oldidan tashrif buyuruvchilarga professional maishiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar boshlangan edi, ammo u ham yakuniga yetmay qoldi", deydi mas’ullardan biri. Gap respublikaning chekka bir qishlog‘i emas, turizm shahri hisoblanmish Samarqand haqida ketyapti. Bu yerda vaziyat shunday bo‘lsa, boshqa joylarni taxmin qilavering.

 Etikdo‘zni “garaj”dan, tikuvchini yerto‘ladan topasiz

Fikrimizga e’tiroz bildirib, har qadamda go‘zallik saloni, avtomobil va telefon ustaxonalari bor, soha rivojlanib boryapti, deyishingiz mumkin. Bir qarashda shunday. Biroq son sifatni anglatmaydi. O‘sha siz aytayotgan xizmat ko‘rsatuvchilarning nechtasi litsenziya, diplom yoki malaka ko‘rsatkichiga ega, hech qiziqib ko‘rganmisiz? Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatli bo‘lishi yoki salomatligimizga zarar keltirmasligini kim kafolatlayapti?

Qolaversa, maishiy xizmat faqat go‘zallik saloni-yu telefon ustaxonasi, degani emas. Inson hayoti davomida poyabzal ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika ustachiligi, soatsozlik, kimyoviy tozalash, mebelsozlik, fotouskunalar ustaxonasi kabi 50 dan ziyod xizmatlardan foydalanadi. Bular yuqoridagi ikkitasi singari ko‘p daromadli bo‘lmasa-da, ahamiyatliligi jihatidan orqada emas. Endi o‘zingizga savol bering, bugun ularni qayerdan topsa bo‘ladi? Ha, poyabzal ta’mirlovchilar asosan garaj yoki ko‘zdan panaroqqa o‘rnatilgan “bo‘tka”chalarda, “atele”lar yerto‘lada, soatsozlar biror do‘konning 2x2 metrlik burchagida o‘tiradi. Boshqa iloji ham yo‘q, topadigan daromadi bundan ortiq sharoitni “ko‘tarmaydi”. Shu bois ham sohada professionallar kam, shu bois ham sayyohlarga maishiy xizmatimizning sifati bilan maqtana olmaymiz.

— Ilgari shahar markazidagi “Zebo” savdo majmuasining yerto‘lasida ustachilik qilardim, - deydi poyabzal ta’mirlovchi Botir Qoraboyev. – Majmuadagi ijara haqi qimmatlashib ketgach, “garaj”ga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldim. Bu yer qishda sovuq, yozda issiq. Shunga qaramay, 10 yildan beri ishlayman. Kunlik 50-60 ming so‘m daromad bilan sharoit yaratib bo‘lmaydi. O‘zim II guruh nogironiman, boshqa ishga yaramayman.

Botir ustani shu atrofda yashovchi va ishlovchi barcha taniydi. Boisi, unga ko‘p bora ishlari tushgan. Kimdan so‘rasak, uni o‘z ishining ustasi, insofli odam, deb ta’riflamoqda. Ammo u ishlayotgan muhit bu ta’riflarga mos emas.

 Sohaga oid hujjatlar yangi qonunlarga zid

Tizimga oid asosiy hujjat Vazirlar Mahkamasining “Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi aholisiga maishiy xizmat ko‘rsatish qoidalari hisoblanadi. 1995 yil 12 oktyabrda qabul qilingan bu hujjatga so‘nggi marta 2022 yilda unchalik jiddiy bo‘lmagan o‘zgartirishlar kiritilgan va u ko‘p vaziyatlarda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga zid. Misol uchun, qoidada murakkab uy-ro‘zg‘or texnikasini tuzatish xizmati uchun buyurtmachi xo‘jalik yurituvchi sub’yekt bilan kelishilgan, ammo 15 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda oldindan haq to‘laydi. Mebelni tayyorlash va tuzatish, uy-joy va turar joy bo‘lmagan binolarni tuzatish va qurish, poyabzal tayyorlash va yakka tartibda kiyim tikish bo‘yicha xizmatlar uchun buyurtmachi buyurtmani rasmiylashtirishda ish qiymatining 50 foizi miqdorida avans to‘lashi kerak, deb belgilangan. Qonunga ko‘ra esa tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi, deyilgan. Bunga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Qarorda bugungi kunda mavjud bo‘lmagan tashkilot - Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish hududiy uyushmasi ham bor. Bir vaqtlar minglab soha vakillarini birlashtirgan va har bir tuman va shahar markazidagi maishiy xizmat ko‘rsatish uylari (dombita)larni boshqargan tuzilma tugatilganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Ammo sohani tartibga soladigan boshqa vakolatli organ tashkil etilmadi. Shunday bo‘lsa-da, biz so‘rab-surishtirib, uyushmaning izlari, aniqrog‘i, bugungi kundagi vazifadoshini topdik.

- Uyushma tugatilgach, 2005 yilda uning viloyat bo‘limini “Sam maishiy servis” birlashmasi shaklida qayta ro‘yxatdan o‘tkazdik, - deydi birlashma rahbari Farog‘at Abdiyeva. – Faqat vakolatu imkoniyatlarimiz qisqardi. Bugungi kunda viloyatda rasmiy faoliyat yuritayotgan 15 mingdan ziyod maishiy xizmat shoxobchalari bo‘lsa, birlashmaga bor-yo‘g‘i ularning 5 foizi a’zo bo‘lgan. Tashkilotimizning asosiy vazifasi a’zolarimizning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, huquqini himoya qilish, ularni sohaga oid so‘nggi yangiliklardan xabardor qilib borishdir. Bundan tashqari, a’zolar bilan mehnat shartnomasi ham tuzilib, ularga ish staji hisoblanishi ta’minlanadi.

Farog‘at Abdiyevaning ta’kidlashicha, pandemiya vaqtida maishiy xizmat ko‘rsatishga oid yangi qoidalar loyihasi ishlab chiqilgan. O‘z navbatida, birlashma ham ayni hujjat uchun o‘z takliflarini bergan. Lekin u ham noma’lum sabablarga ko‘ra tasdiqlanmay qolgan. Bugungi kunda savdo, xizmat ko‘rsatish va ishlarni bajarishga oid deyarli barcha sohalar tegishli qoidalar bilan qamrab olingan. Faqat aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi bundan mustasno. Shu sababli nizoli va ixtilofli vaziyatlar yuzaga kelganda, ularni hal qilish mushkul bo‘lmoqda.

— Hozir sohada na mahsulotning oldi-sotdi bahosi, na reja va na tartib bor, - deydi F.Abdiyeva. – Masalan, shu kunlarda har yerda ko‘p qavatli binolar qurilyapti, lekin ularning hududida deyarli birorta maishiy xizmat turi uchun joy ajratilmaydi. Yerlar oldindan egallab bo‘lingan. Oqibatda o‘sha yerda yashayotgan odamlar o‘ziga kerakli xizmatni izlab, uzoqroq joyga borishga yoki atrofidagi malakasi yo‘q shaxslarning xizmatidan foydalanishga majbur. Joy bo‘lmagach, sharoit bo‘lmagach, maishiy xizmatchi ham rasmiy ishlashni xohlamaydi. Bu muammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamlarning hayot sifati yomonlashishiga, qolaversa, milliy turizmning oqsashiga olib keladi.

 

Sohani rivojlantirish uchun nima qilish kerak?

Farog‘at Abdiyeva buning uchun birinchi navbatda, sohaga oid qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish hamda unda turizm rivojlangan davlatlar tajribasini qo‘llash kerak, deb hisoblaydi. Xususan, yangi hujjatda maishiy xizmat ko‘rsatishga oid barcha sohalarda shartnoma yoki kvitansiyani rasmiylashtirish, buyurtmani bajarishda muvofiqligi tasdiqlangan materiallardan foydalanish, material va xizmat ko‘rsatish shakli haqida iste’molchiga ma’lumot berish kabi amaliyotlar qonun darajasida mustahkamlanishi kerak. Ammo biz nazorat emas, tartib o‘rnatilishi haqida gapiryapmiz. Yurtimizda bozor iqtisodiyoti muhitini yaratmoqchi ekanmiz, masalaga rahbarlik ko‘zi bilan emas, iqtisodchi sifatida nazar solishimiz kerak. To‘g‘ri, ayni kunda o‘zini o‘zi band qilganlar, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yganlarga ko‘plab soliq imtiyozlari va boshqa yengilliklar berilyapti. Biroq bu aynan maishiy xizmat sohasining rivojlanishi, turizm mamlakatiga mos bosqichga chiqishi uchun yetarli emas. Agar teskarisi bo‘lganida, bu maqola yozilmas edi.

Hozir sohadagilarning katta qismi o‘zini o‘zi band qilganlardir. Ya’ni, ular istagan shaklda va joyda faoliyat yuritadi. Bu shartnomaviy munosabatlarni tartibga solishni ham qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, kuzatishlarimiz aksariyat xizmat ko‘rsatish shoxobchalari kunduzi soat 10:00 dan kechki soat 17:00 gacha ishlashini ko‘rsatmoqda. Oqibatda doimiy ish bilan band aholi qatlami ulardan foydalanish uchun dam olish kunlarini sarflashga majbur bo‘lyapti. Bu ham turmushning og‘irlashishimi?

Bundan tashqari, sohada yuqorida tilga olingan muammolar sababli turg‘unlik yo‘q. Bir joyda ochilgan shoxobcha ikki oyga bormay yopiladi. Biz anglagan sabab ikkita. Birinchisi, faoliyat muvofiqligi, tahlili yo‘q, ya’ni bir hududda bir nechta bir xil turdagi xizmat ko‘rsatuvchilar yaxshi daromad qila olmaydi. Ikkinchidan, sohaga kirib kelganlar unda o‘zining kelajagini ko‘ra olmayapti. Boisi, hali bu soha vakillarining malaka va mahoratini baholash tizimi yo‘q. Nari borsa, "yaxshi sartarosh ekan", deb qo‘yamiz. Lekin uning rostdan ham o‘z ishing ustasi ekanligini jamoatchilik bilolmaydi.

Taklifimiz, maishiy xizmat sohasini raqamlashirish kerak. Bu xoh veb-sayt, xoh mobil ilova bo‘lsin, unda kim va qayerda qanday xizmat ko‘rsatishi, aloqaga chiqish usullari ko‘rsatilishi, har bir foydalanuvchi xizmat ko‘rsatuvchining mahorati, muomala madaniyati, qonunlarga itoatkorligini baholashi mumkin bo‘lsin. Shu orqali bir nechta muammolarga chek qo‘ygan va tabiiy ravishda sohaning yangi rivojlanish bosqichini boshlab bergan bo‘lamiz. Agar mazkur ilova bir nechta tilda yuritilsa, undan sayyohlar ham foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, turizm haqida gapirishdan oldin sayyohlar uchun yetarli sharoit yaratib qo‘yishimiz kerak. Nafaqat turizm kelajagi, balki shu yurtdagi har bir fuqaroning hayot sifati bevosita maishiy xizmat sifatiga bog‘liq. To‘g‘ri, hozir soha qo‘llab-quvvatlash va bepul reklamaga muhtoj. Agar unga yordam qo‘li cho‘zilsa, natija uzoq kuttirmasligi aniq.

Asqar Barotov.