Erto‘lada quyon boqish texnologiyasini bilasizmi? Bu ish orqali yiliga 120 million so‘m qo‘shimcha pul topish mumkin

Quyon boqishning mazkur usulida energiya resurslaridan umuman foydalanilmaydi. Joriy yil viloyatda 300 ta xonadonda shu usul orqali odamlarning bandligini ta’minlash va daromadini oshirish rejalashtirilgan.

Yerto‘la qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini hisobga olsak, bunda elektr energiyasiga ham, gazga ham ehtiyoj yo‘q. Bu quyonlarning yaxshi yetilishi va ulg‘ayishi uchun ayni muddao. Sababi, quyonlar tabiatda ham yer ostiga in qurib ko‘payadi. Shu jihatdan buni qulay texnologiyalardan biri deyish mumkin.

Qo‘shrabot tumanining Qiyqim mahallasida mahalliy hokimlik hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda loyihaning dastlabki bosqichi yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni paytda Qo‘shrabot tumanida press-turda bщlib turgan jurnalistlar tuman hokimligi mas’ullari hamrohligida Qiyqim mahallasida tashkil etilgan yerto‘lada quyon boqish texnologiyasiga asoslangan innovatsion quyonxona loyihasi bilan tanishdi.

"Qo‘shrabot noyob quyonlari" MChJ rahbari Ruslan Rashidovga ko‘ra,  - Mazkur loyiha bo‘yicha yerto‘la-quyonxona uzunligi besh, eni ikki metr bo‘ladi. Bitta yerto‘la 26 bosh quyonga mo‘ljallangan bo‘lib, maxsus tunukalar bilan yopilib, tomning ichki tomoni mineral vata bilan qoplanadi. Bu tunuka qizib ketishidan saqlaydi. Shuningdek, yerto‘la ichiga suv va yem-xashak uchun maxsus idishlar ham o‘rnatiladi. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu innovatsion quyonxonadan yil davomida 1,5-2 tonnagacha go‘sht olish mumkin. Mazkur qurilma barcha jihozlari va quyonlar bilan birga 33 million so‘mga tushadi. Agar unda ikki tonna go‘sht yetishtirilishini, hozirgi kunda bozorda tirik quyon kilogrami 30 ming so‘m. Mazkur innovatsion quyonxonada yil davomida 120 million so‘mlik quyon go‘shti yetishtiriladi. Shuning 60 million so‘mi xarajatlarga ketsa, 60 million so‘m oilaga sof foyda sifatida qoladi. Yanada aniqrog‘i, oila har oyda mana shu yumush evaziga besh million so‘mdan daromad qiladi.

Mazkur loyiha doirasida quyonxonalar respublika quyonchilik xo‘jaliklari assotsiatsiyasi va "Qo‘shrabot noyob quyonlari" MChJ bilan hamkorlikda kreditga qurib berilmoqda. Quyonlar va ozuqa masalasi ham assotsiatsiya zimmasida. Aholi xonadonida ko‘paytirilgan quyonlarni ham assotsiatsiya sotib oladi. Shu maqsadda tumanda markazlashgan kushxona va o‘quv markazi tashkil etiladi. Yem ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Aslida qishloq joylarda quyonni bunday usulda ko‘paytirish qiyin emas. Chunki har bir xonadonning o‘z tomorqasi bor, ularda quyon uchun ozuqani o‘zlari ham yetishtirishi mumkin. Hozirda Qiyqim mahallasidagi 10 ta xonadonda shunday quyonxonalar tashkil etilgan.