Yetti oydan so‘ng Uxanga birinchi xalqaro samolyot kelib qo‘ndi

17 sentyabr kuni Xitoyning Uxan shahri aeroportiga koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon yetti oydan so‘ng xalqaro reysni amalga oshiruvchi birinchi samolyot kelib qo‘ndi.

Xinhua agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Tway Airlines aviakompaniyasiga qarashli, Seuldan Uxanga parvoz amalga oshirgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 10:48 (7:48 Toshkent vaqti)da Uxan aeroportiga kelib qo‘ngan. Shaharga kelgan barcha yo‘lovchilar 14 kunlik karantindan o‘tish uchun maxsus mehmonxonalarga yuborilgani haqida ma’lum qilindi.

COVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalishi 2019 yilning dekabr oyida boshlandi. Xitoyning Uxan shahri infeksiyaning birinchi o‘chog‘iga aylandi. Bor yo‘g‘i bir necha oy ichida kasallik dunyoning 210 nafar davlatini qurshab oldi. 11 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus pandemiyasini e’lon qildi.