Uxan shahrida 10 kun ichida 6,5 milliondan ortiq koronavirus uchun test tahlili o‘tkazildi
Xitoyning Uxan shahri hukumati odamlarda COVID-19 infeksiyasini aniqlash maqsadida o‘n kun ichida 6,5 milliondan ortiq fuqarolarda test tahlilini o‘tkazdi. Bu haqda Sinxua agentligi xabar berdi.
Xitoyning Xubey provinsiyasining Uxan tezkor shtabi shaharda yangi kasallanish holatlari qayd etilganidan so‘ng 10 kun ichida barcha aholini tahlildan o‘tkazish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Ommaviy tahlildan o‘tkazish jarayoni 14 may kuni boshlandi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 14 maydan 23 mayga qadar aholisi 10 miilion atrofida bo‘lgan Uxan shahrida umumiy hisobda 6 774 093 nafar test tahlili o‘tkazilgan.
Ommaviy test tahlili o‘tkazilishi mutlaqo bepul bo‘lib, ixtiyoriy ravishda amalga oshirildi. Birinchilardan bo‘lib ilgari koronavirus infeksiyasi qayd etilgan, aholi zich joylashgan hududlar va yoshi keksa fuqarolar tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 189 nafar koronavirus holati aniqlangan.