Toshkentga Uxandagi bemorlarga yordam bergan uskunalar olib kelindi

Toshkent xalqaro aeroportida Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi KTEA – o‘pka kasalliklarini davolash uchun elektron apparatlardan iborat 4 jamlanmani kutib oldi.

Bu qurilmalar Uxan shahrida koronavirusning og‘ir ko‘rinishlarini davolashda yuqori samara bergan edi, deb yozmoqda O‘zA.

Innovatsion qurilma O‘zbekistonga Milliy palata va Pekinning “Bei Jing Hong Tian Li Fhamaceutical Co.Ltd” kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida yetkazib kelindi. Ulardan bemorlarni davolash uchun bepul foydalaniladi.

Xitoyning Hayot va sog‘liqni saqlash uyushmasi direktori o‘rinbosari Chen Xinpingning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Pekin shahridagi aksariyat shifoxonalar ham KTEA qurilmalari bilan jihozlangan.

Xitoylik mutaxassislar bu qurilmadan foydalanish va davolash usullari to‘g‘risida barcha ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu o‘zbekistonlik shifokorlarning innovatsion usuldan tezkor va samarali foydalanishida qo‘l keladi.

Innovatsion sog‘liqni saqlash Milliy palatasi raisi R.Izamovning ta’kidlashicha, “WeChat” ijtimoiy tarmog‘ida xitoylik mutaxassislar ishtirokida onlayn-konsultatsiyalar tashkil etib boriladi. Bu KTEA uskunasidan samarali foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatishga qo‘shimcha imkondir.