Samarqandda yashirin sil kasalligini erta aniqlaydigan kvantiferon test analizatori ishga tushirildi

Viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi 590 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 400 nafardan ziyod bemor davolanyapti. Markazda olti yildan buyon mintaqalararo zamonaviy bakteriologik laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda.

Markaz direktori Sherali Sherqulovning ta’kidlashicha, markazga sil kasalligini erta tashxislash va davolash uchun 10 ta "XDR Gen Expert" zamonaviy apparati olib kelingan. Mazkur apparat molekulyar genetik tekshiruv usuli bilan avtomatik ravishda DNKni  ajratib, sil tayoqchasi bor-yo‘qligini 70 minut davomida aniqlab beradi. Bunday apparatlar viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazida ikkita, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari hamda Toyloq, Urgut, Bulung‘ur, Ishtixon, Paxtachi, Oqdaryo tumanlariga bittadan berilgan.

Yaqinda markazning bakteriologik laboratoriyasiga yangi turdagi diagnostik laborator apparat - kvantiferon test analizatori ham olib kelingan bo‘lib, bu apparat orqali qonda yashirin sil kasalligini erta aniqlash mumkin. E’tiborlisi, ushbu analizator respublikada birinchilardan bo‘lib viloyatimizda ishga tushirilgan.

- Ushbu apparat Germaniya taraqqiyot banki tomonidan “Tuberkulyoz 5” loyihasi asosida 238,6 million so‘mlik grant mablag‘lari xisobidan olingan, - deydi Sh.Sherqulov. - Kvantiferon test analizatori latent tuberkulyoz infeksiyasini erta aniqlash maqsadida qon zardobidan immunoferment tahlili o‘tkaziladi. Kvantiferon test apparati venadan olingan 5 milligramm qonda latent  tuberkulyozni, ya’ni yashirin silni aniqlashga mo‘ljallangan diagnostik apparatdir. Analizator tomonidan olingan tahlillar javobi uch kunda chiqadi. Apparat qon tarkibida gamma interferon fermentini  aniqlaydi. Ushbu gamma interferon qonda normadan yuqori bo‘lsa,  organizmda yashirin sil borligi belgisi bo‘ladi.

Kvanteferon apparati orqali asosan tuberkulyoz bilan kasallanish xavf guruhidagi bemorlar, OIV bilan kasallangan bemorlar hamda tez-tez kasallanuvchi bolalar tekshiriladi. Shuningdek, ushbu apparat yordamida IFA analizatorlari tomonidan o‘tkaziladigan barcha turdagi tahlillarni o‘tkazish mumkin.

Shu kabi yangi tibbiy uskunalarning o‘rnatilishi va ishlatilish holati bilan tanishish uchun markazga kelgan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi S.Zayniyev va mutaxassislar muassasada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini ham ko‘zdan kechirib, “Yashil makon” loyihasi doirasida markazda tashkil etilgan “Shifikorlar bog‘i”da daraxt ko‘chatlari ekdi. Shu paytgacha bu yerda 250 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, yana 300 dan ziyod daraxt ko‘chati o‘tqazish rejalashtirilgan.

Fazliddin Ro‘ziboyev.