Samarqand bojxona va tashkilotlarga tegishli bo‘lgan omborlarda qariyb 3 million dollarlik dori-darmon hamda tibbiy buyumlar zaxirasi mavjud

Bugun tadbirkorlarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlar eksporti, aholi extiyoji uchun zarur bo‘lgan xalq xo‘jaligi mahsulotlari importi belgilangan tartibda, asosiysi koronavirus bilan kurashish maqsadida lozim bo‘lgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarning zaxiralari shakllantirilmoqda.

2020 yil 20 iyulda qabul qilingan Hukumat qarori bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda mamlakatda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar taqchilligining oldini olish, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llaniladigan tibbiy buyumlar, tibbiy texnikalar, dori vositalari va biologik faol moddalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan realizatsiya qilish tartibi soddalashtirildi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 iyuldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tuzilgan ro‘yxatda 84 turdagi tibbiy buyumlar va texnikalar, shu jumladan, kislorod konsentratorlar, puls oksimetrlari hamda sink, magniy, selen yoki vitamin "D" moddalarini saqlovchi biologik faol qo‘shimchalar import qilinganda va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan va majburiy sertifikatlashtirilmasdan bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi (import kilinganda) va realizatsiya qilinadi.

Mazkur yo‘nalishda bojxona sohasida ham karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda aholining birlamchi va zaruriy dori vositalari hamda tibbiy buyumlar talabiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida viloyat bojxona xizmati ham munosib hissa qo‘shmoqda.

Xususan, bugungi kunda viloyat hududida joylashgan bojxona omborlari va tashkilotlarga tegishli bo‘lgan omborlarda 15 partiyada, og‘irligi 91,47 tonna, qiymati 2 million 414 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan dori vositalari hamda 14 partiyada, og‘irligi 18,21 tonna, qiymati 388 ming AQSh dollari bo‘lgan tibbiy buyumlar zaxirasi mavjud.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarga amaldagi qonunchilik me’yorlariga muvofiq umumiy qiymati 60,58 millard so‘m miqdorida bo‘lgan bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan, mavjud barcha dori-darmon vositalari onlayn tarzda soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.

Butun respublikamiz bo‘ylab mutasaddi tashkilotlar qatorida bojxona organlari tomonidan ham koronavirus tarqalishiga qarshi kurash va aholini davolash uchun lozim bo‘lgan dori-darmon vositalarining yetkazilishi hamda narxi barqarorligini ta’minlash yuzasidan barcha choralar ko‘rilmoqda. 

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.