Nur terapiyasi endi Samarqandda bajariladi
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali radiologiya bo‘limida zamonaviy tibbiy uskunalar o‘rnatilib, nur terapiyasini amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
– Bu – yigirma yil kutilgan yangilik, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Mirjalol Jo‘rayev. – Sababi – shifoxonamizda sobiq ittifoq davrida o‘sha paytdagi jihozlar yordamida nur terapiyasi amalga oshirilgan, ammo bu kutilgan natijani bermagan. Muolaja qo‘lda bajarilgan. Bu bemor uchun ham, tibbiyot xodimi uchun ham xavfli edi. Shu sababli keyinchalik bu usuldan foydalanilmagan. Bemorlar davo muolajasini xorijda yoki Toshkent shahrida olishga majbur bo‘lgan. Tabiiyki, bu ko‘p vaqt, mablag‘ talab etgan va bunga hamma bemorda ham imkoniyat bo‘lmagan. Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolashda yangi yondashuvlar joriy etilishini boshlab berdi. Ushbu yo‘nalishdagi tibbiy muassasalar faoliyati takomillashdi, tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi oshdi. Respublika markazimiz va uning joylardagi filiallari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, jihozlar bilan ta’minlandi. Buning uchun juda katta mablag‘ ajratildi. Bizning filialmizga ham 2 million yevro qiymatida masofaviy va ichki nur berish uskunalari xarid qilindi. Chexiyada ishlab chiqarilgan bu appratlar yuqori aniqlikda ishlashi va samaradorligi kattaligi bilan ajralib turadi. O‘smaning joyi, hajmi, chuqurligi, boshqa a’zolarga yaqin yoki uzoqligi aniqlanib, shunga qarab masofadan yoki ichki nur berish amalga oshiriladi. Sog‘ to‘qimalarning nurlanishi oldi olinadi.
Yangi uskunalar xorijlik mutaxassislar tomonidan o‘rnatilgan bo‘lsa-da ularni mahalliy mutaxassislar ishlatadi. Filial direktorining qayd etishicha, keyingi uch yil davomida muassasaning 20 nafardan ortiq vrach va muhandis fiziklari Rossiya, Belarus, Koreya, Chexiya, Vengriya va boshqa davlatlarda o‘qib, malaka oshirib kelgan.
– Dunyoda saraton xastaligini davolash usullari bir xil, ya’ni kimyo va nur terapiyasi hamda jarrohlik, – deydi M.Jo‘rayev. – Farqi, zamonaviy tibbiy uskuna va yetuk mutaxassisda. Shu paytgacha Samarqandda kimyo terapiyasi yoki operatsiya uslidan foydalanganmiz. Endi esa nur terapiyasi ham qo‘shildi. Demoqchimanki, yurtdoshlarimiz saratonni davolash uchun katta mablag‘ sarflab xorijga borishlariga xojat yo‘q. Zamonaviy tibbiy apparatlar ham, malakali mutaxassislar ham o‘zimizda bor va eng muhimi, bu ish o‘zimizda davlat hisobidan amalga oshiriladi.
Bemorga nojo‘ya ta’sir bo‘lmaydi, Sog‘lom to‘qimaga tushmaydi. Ilgari bu ishni Toshkentga navbatda turib bajargan yoki xorijga borgan. Xorijda katta mablag‘ evaziga shu muolajani olgan. Bizda esa bu ish davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi.
G‘olib HASANOV,
Baxtiyor MUSTANOV.