Etti yil deganda ota-onam bilan diydorlashdim
Asli otam samarqandlik, ammo taqdir taqozosi bilan bir paytlar Tojikistonning Panjakentiga borib, yashab qolgan. O‘sha yerda uylanib, uyli-joyli bo‘lgan. Qarindosh-urug‘chiligimiz uzilib ketmasin, degan maqsadda meni Samarqandga uzatishgandi. 2010 yilda yo‘llar yopilgach, bor-yo‘g‘i bir marotaba ota-onamni ko‘rib keldim. Buning uchun avval Tojikistonning O‘zbekistondagi echixonasiga borib kelishim, shundan so‘ng Bekobodga, undan keyin Xo‘jandga, u yoqdan o‘tib, Panjakentga boradigan ulovga minishim lozim edi. Shu tariqa taxminan 12 soat yo‘l yurishimga to‘g‘ri kelardi. Yo‘llar talabga javob bermaydi. Qolaversa, u avtobusdan bu avtobusga chiqish kishini ham moddiy, ham jismoniy jihatdan qiynab qo‘yardi. Aka-ukalarim, singillarim bilan doim telefonda muloqot qilib turdik. Yaqinlaringning diydorini ko‘rmay, ayniqsa, ota-onang holidan xabar olmay yashash mashaqqatini boshidan o‘tkazganlargina bilsa kerak. "Qarindoshlik rishtalari mustahkamlanishini istagandingiz, aksi bo‘lib, ota-bolalik iplari ham uzilib ketyapti-ku", derdim alam bilan otamga telefon orqali. Sababi, kenja farzandim bobo-buvisini zamonaviy aloqa vositalari orqali ko‘rardi-da. To‘g‘ri, oilamiz tinch, uch farzandim, turmush o‘rtog‘im bilan totuv yashab kelyapmiz. O‘zim ham Samarqand shahridagi Xo‘jasoat mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritaman. Ammo ota-ona haqida gap ketguday bo‘lsa, ko‘zimga yosh kelardi.
"Jartepa" va "Sarazm" o‘tkazish maskanlari ochilishini eshitdim-u, telefon orqali yaqinlarimga bu xabarni yetkazdim. Ular ham ochilish marosimida ishtirok etdilar. Quvonch yoshlari bizni hanuzgacha tark etmaydi. Axir yaqin insonlaringning diydoridan ulug‘roq ne’mat bormi? Ota-onam, oilamiz Prezidentimizni duo qilamiz. Ota-ona, farzandlarni diydorlashtirgan insonni Alloh qo‘llasin, deymiz.
Saodat AKRAMOVA,
Samarqand shahri.